Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlandi

14-yanvar kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir bo‘ldi. Uni Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov boshqardi.

Tadbirda dastavval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida muhokama etilgan masalalar haqida so‘z bordi. Jumladan, hozirgi davrda jahonda turli mintaqaviy mojarolar kengayib, qurollanish poygasi avj olayotgani, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, xalqaro huquq normalari va xalqaro diplomatiya zaiflashib borayotganiga e’tibor qaratilgani bejiz emasligi qayd etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida ta’kidlaganidek, “Mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, biz kelgusida jang va boshqaruv usullarini zamon talablari asosida yangilaymiz, yuqori malakali harbiy kadrlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratamiz. Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish, ularning qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Chunki har qanday kurashning taqdirini shaxsiy tarkibning bilim va malakasi, iroda va qat’iyati, o‘ziga bo‘lgan ishonchi, mardona fazilatlari hal qiladi”.

Yangi O‘zbekistonda ayni shu mas’uliyatli va sharafli maqsadlar ijobati yo‘lida Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli  islohotlar  natijasida  milliy  armiyamizning qiyofasi va salohiyati ham tubdan o‘zgardi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi. Bu  jarayonda  umumxalq  referendumi  asosida qabul  qilingan  yangi  tahrirdagi Konstitutsiyamiz armiyamizning ham qiyofasini tubdan o‘zgartirish, qo‘shinlar jangovar shayligini takomillashtirish va davlat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratib berdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga bayram sovg‘alari ulashildi.

 

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech