Milliy markaz kitoblari Samarqanddagi maktablarga taqdim etildi
21-aprel kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi 10-maktabda «Kitob — ma’rifat manbai» nomli aksiya o‘tkazildi. Ma’rifiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda kitob mutolaasida gap ko‘p ekani haqida so‘z bordi. Sharqda va G‘arbda insoniyatni yuksak taraqqiyot sari boshlagan Renessanslarning barchasi kitob yozish va tarqatish, kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, turli tillardan turfa asarlarni tarjima qilish hamda o‘qish va o‘rganishdek qamrovdor ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga tayangani ta’kidlandi.
Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda 2026 – 2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasi oshirish asosiy maqsad etib belgilangani bejiz emas. Bunda yurtimizda bir odam o‘qiydigan kitob sonini yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish muhim vazifa hisoblanadi.
Maktab kutubxonasiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomidan 60 tadan ziyod inson huquqlariga oid adabiyot va adabiy-badiiy kitoblar tuhfa etildi. Kitoblarni Milliy markaz vakili Yu. Handamov taqdim etdi.
Mazkur maktab direktori S.Muhammadiyev Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi rahbariyati va jamoasiga minnatdorlik bildirdi. Milliy markaz tashabbusi bilan maktab kutubxonasida “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi tashkil etilgani nafaqat o‘qituvchilar va o‘quvchilar, balki yaqin-atrofdagi mahallalarda yashaydigan aholi vakillarining ham huquqiy bilimlarini oshirish hamda zamonaviy kitoblarni mutolaa qilish uchun qulay sharoit yaratishini qayd etdi.
*
Shu kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi 13-maktabda ham Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida Milliy markaz xodimi – shoir va tarjimon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzoning yangi kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
Ushbu maktab direktori O‘. Sindorov O‘zbekiston xalqi mustaqillik tufayli ko‘p ming yillik asl ildizlarga qaytib, milliy davlatchilikni, milliy o‘zlik va ma’naviyatni, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatni tiklashdek huquqiy imkonlarga ega bo‘lganligini e’tirof etdi. Istiqlol kitobxon xalq degan azaliy yuksak mavqeimizni nafaqat qaytarib berdi, ayni chog‘da, bu boradagi intellektual salohiyatimiz va imkoniyatlarimizni tubdan oshirishning asosiy omili ham bo‘lib kelmoqda.
Maktab kutubxonasiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomidan 60 tadan ziyod inson huquqlariga oid adabiyot va adabiy-badiiy kitoblar tuhfa etildi.
Milliy markaz tashabbusi bilan maktab kutubxonasida “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: Hozirgi vaqtda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va hududlardagi 14 ta axborot-kutubxona markazida “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi ishlab turibdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasa va ta’lim maskanlari kutubxonalarida shunday burchaklar tashkil etishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirmoqda.
Inson huquqlari uyi tomonidan 2025-yilda aholining huquqiy savodxonligini oshirish va ta’lim muassasalarining axborot-resurs bazasini mustahkamlash maqsadida inson huquqlari va turdosh sohalarga oid jami 2 ming 968 ta adabiyot beg‘araz taqdim etildi. Joriy yilning birinchi choragida ham bu borada muhim qadamlar qo‘yildi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarining «Konstitutsiya va inson huquqlari» burchagi uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 24 nomda, 392 nusxadagi adabiyotlar beg‘araz taqdim etildi. Shuningdek, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda «Tong yulduzi» gazetasi tahririyatiga 24 nomda, 112 nusxadagi adabiyotlar beg‘araz topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский