Insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda

23-aprel — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni

 

Ulug‘ alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubro hazratlarining shunday purhikmat so‘zlari bor: “Kitob — sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli damlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir”.

 U zot zamonasidan so‘ng oradan qariyb to‘qqiz asr o‘tgach, ya’ni 1995-yil 15-noyabrda Parijda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasi qaroriga muvofiq, 23-aprel — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni deb e’lon qilingan. Shuningdek, YUNESKOning “Bolalar va o‘smirlar adabiyotida bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etganlik uchun” nomli mukofoti ta’sis etilgan.

Ushbu qarorning zamirida, bir tomondan, barcha zamindoshlarimizni kitob mutolaasidan zavqu shavq olishga, ikkinchi tomondan, o‘z asarlari bilan insoniyatning ijtimoiy va madaniy taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shgan shoirlar va yozuvchilar, dramaturglar va ssenariynavislar, olimlar va mutafakkirlar – jami mualliflarga ehtirom ko‘rsatishga jahoniy da’vat o‘z mujassamini topgan.

Bu haqda so‘z borganda, YUNESKO tomonidan 1952-yili Jenevada tashkil etilgan konferensiyada butunjahon mualliflik huquqi belgisi (©) amaliyotga tatbiq etilgani ulkan yutuqlardan biri bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Ayni shu anjumanda Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi butunjahon konvensiyasi ham qabul qilingan.

Shu tariqa 23-aprel — barcha mualliflar, noshirlar, ustozlar, kutubxonachilar va kitob olamiga aloqador kasblar egalarining umuminsoniy bayram kuniga aylandi. Xuddi shu sanada dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kitob yarmarka va ko‘rgazmalarini tashkil etish an’ana tusini oldi.

Hozirgi vaqtda Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni jahonning 100 dan ortiq mamlakatida millionlab insonlar tomonidan nishonlanadi. Sana munosabati bilan turli uyushmalar va kasbiy tashkilotlar, maktablar va oliy o‘quv yurtlari, davlat muassasalari va xususiy korxonalarda ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

O‘tgan davrda shu bayram tufayli Yer yuzining turli qit’alarida yashaydigan va turli madaniyatlarga mansub bo‘lgan qanchadan-qancha insonlar o‘rtasida do‘stlik va birdamlik tuyg‘ulari qaror topdi hamda mustahkamlandi. Mualliflik huquqlarini muhofaza etish holati tubdan yaxshilandi.

Bashar ahli kitobning ahamiyati nihoyatda serqirraligini tobora teran anglamoqda. Ya’ni, kitob:

  • bilimlar koni;

  • qadriyatlar timsoli;

  • ma’naviy meros qo‘rg‘oni;

  • sivilizatsiyalararo muloqot vositasi;

  • rang-barang madaniyatlar ko‘zgusi;

  • moddiy farovonlik manbai;

  • mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan noyob ijod mahsulidir.

Mazkur xalqaro sana 1996-yildan buyon O‘zbekistonda ham keng nishonlab kelinmoqda. Kitob va kitobxonlik, ijod va ijodkorlik, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifatni targ‘ib etishga qaratilgan ushbu muhim xalqaro sana mamlakatimizda har yili alohida tadorik va tantanalar bilan kutib olinishi bejiz emas. Chunki:

kitob – bizga hayotni o‘rgatadi;

kitob – har birimizni dunyo sir-sinoatlari va ma’rifatidan bahramand etadi;

kitob – bilim o‘rgatishning eng qudratli omili va bilimni asrashning ishonchli vositasi bo‘lib xizmat qiladi;

kitob – insonni ma’rifatga oshno etadi;

kitob – dunyodagi turfa madaniyatlar va an’analarning ma’no-mohiyatini anglashga ko‘maklashadi;

kitob – yashash hamda ijod qilishga doimo ilhomlantirib turadi.

Keyingi davrda mamlakatimizda yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga, ularning kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga katta e’tibor berilayotgani davlatimiz rahbari tomonidan beshta muhim tashabbus ilgari surilgani misolida yana bir bor yaqqol tasdig‘ini topdi.

Shu tashabbuslarning to‘rtinchisi aynan kitob va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan. Ushbu tashabbus doirasida yurtimizda kitobxonlik klubi tashkil etildi, umumta’lim maktablariga yuz minglab nusxada kitoblar sovg‘a qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari kitobsiz, ya’ni ilmsiz farovon kelajakka erishib bo‘lmasligiga o‘z vaqtida e’tibor qaratdi. Shu asosda bir qator qarorlar qabul qilindi va izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.

Yanada muhimi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan biri ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi. Taraqqiyot strategiyasining 72-maqsadida:

birinchidan, aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada rivojlantirish;

ikkinchidan, kitobxonlikni keng ommalashtirish;

uchinchidan, “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish vazifalari belgilab berilgan.

Davlatimiz rahbari e’tirof etganidek, “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda”.

O‘z navbatida, amerikalik yozuvchi, biznes-murabbiy, yirik tadbirkor va infobiznes sohasidagi dastlabki mutaxassislardan biri Den Kennedining fikricha ham, “Kichkina televizori hamda katta kutubxonasi mavjud insonlar – boy, kattakon televizori va kichik kutubxonasi bor odamlar esa haqiqiy, chinakam kambag‘al, qashshoqlardir”.

Shunday ekan, savollar tug‘iladi: O‘zbekiston aholisining har biri kitob mutolaasiga haftada yoki bir kunda qancha vaqt sarflamoqda?  Mamlakatimizda aholi jon boshiga bir yilda nechta o‘qilgan kitob to‘g‘ri kelmoqda?

Afsuski, bu xususda qo‘limizda aniq raqam yo‘q. O‘tgan yili kitobsevarlikda peshqadamlik namoyon etgan AQSHda bir kishi yil davomida 17, Hindistonda 16 atrofida kitob o‘qigan ekan.

Binobarin, O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 15-yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada mamlakatimizda ulkan qadamlar qo‘yilishiga turtki bo‘lishi tayin. Qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham 2026 – 2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasi oshirishdan iborat bo‘lib, yurtimizda 1 odam o‘qiydigan kitob sonini yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish vazifa etib belgilandi.

Prezidentimiz Qaroriga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Umumta’lim muassasalarida «Jadidlar izidan» kitobxonlik klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Eng ko‘p kitob o‘qigan top-100 talikka kiradigan o‘quvchi va talabalarning har biriga BHMning 25 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.

Aslida ham, kitob va kitobxonlik har bir davrning eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda uning dolzarblik ko‘lami yanada ortdi. Chunki kitob o‘qishda hikmat ko‘p. Keng dunyoqarash va bilimga ega bo‘lishda kitobning ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Kitob insonni intizomli qiladi. Nafsni yengishga va kattani hurmat, kichikni izzat qilishga o‘rgatadi. Kitob o‘qigan kishi qonunlarga itoat qilish kerakligini anglaydi.

Bugungi taraqqiy etayotgan texnika davrida ko‘pchilik mutolaaga vaqt ajrata olmasligi mumkin. Ammo har qanday vaqtda ham kitob o‘qishga vaqt topgan inson yutadi. Bir narsani unutmasligimiz kerak, yaqinlarni kitob o‘qishga da’vat qilish ularga yaxshilik tilash hisoblanadi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech