Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

KONSTITUTSIYAVIY SUD MAJLISIDA KONSTITUTSIYA USTUNLIGI VA INSON HUQUQLARI USTUVORLIGI YANA BIR BOR TA’KIDLANDI

22-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘ldi. Unda Oliy Majlis palatalari, Hukumat, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ombudsman, Bolalar ombudsmani, Biznes-Ombudsman, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari, ta’lim va ilmiy tashkilotlar vakillari hamda Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari qatnashdi.

Majlisda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev ham ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Konstitutsiyaviy sud Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan shaxsni qirq sakkiz soatdan ortiq ma’muriy tartibda ushlab turish imkonini beruvchi normaning Konstitutsiyaga muvofiqligini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat kiritilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 288-moddasi ikkinchi qismining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiqligini aniqlash so‘ralgan.

Murojaatda Ombudsmanga 2025–2026-yillar davomida fuqarolar tomonidan shaxslarni qonunga xilof ravishda qirq sakkiz soatdan ortiq ma’muriy tartibda ushlab turish holatlaridan norozilik bildirilgan 6 ta murojaat kelib tushganligi qayd etilgan.   

Amaldagi tartibga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismida chegara tartibini yoki O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslar bayonnoma tuzish uchun uch soatgacha ushlab turilishi mumkinligi belgilangan.

Shu bilan birga, huquqbuzarning shaxsini va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash uchun zarur hollarda shaxs ushlangan paytdan boshlab 24 soat ichida prokurorga yozma ravishda xabar berilgan holda, uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa, prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha muddatga ushlab turilishi mumkinligi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiq, hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shuningdek, shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.

Mazkur konstitutsiyaviy norma shaxsning erkinligi va shaxsiy daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim kafolatlardan biri hisoblanadi. Binobarin, Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida O‘zbekistonda shaxs erkinligi va daxlsizligining sud tomonidan himoya qilinishi, jumladan, Habeas Corpus prinsipi konstitutsiyaviy darajada yanada mustahkamlandi.

Konstitutsiyaviy sud ishni ko‘rib chiqishda Konstitutsiya ustunligi prinsipi, insonning huquq va erkinliklarini ta’minlashga oid konstitutsiyaviy kafolatlardan kelib chiqdi.

Konstitutsiyaviy sud Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan uch sutkagacha yoki o‘n sutkagacha ma’muriy ushlab turish muddatlari Konstitutsiyada belgilangan qirq sakkiz soatlik muddatdan ortiq ekanligiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, mazkur normalarda shaxsni qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turish zarurati tug‘ilganda, bu muddatni uzaytirish uchun sud qarorini olish mexanizmi nazarda tutilmagan.

Konstitutsiyaviy sud muhokama qilingan masalani har tomonlama o‘rganib chiqib, mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalarini hisobga olib, shaxsni sud qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turish Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismida belgilangan kafolatlarga zid, degan xulosaga keldi.

Shu munosabat bilan, Konstitutsiyaviy sud qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 288-moddasi ikkinchi qismidagi chegara tartibini yoki O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslarni huquqbuzarning shaxsini va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash uchun zarur hollarda ushlangan paytdan boshlab 24 soat ichida prokurorga yozma ravishda xabar berish orqali uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan taqdirda esa prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha ushlab turishni nazarda tutuvchi normasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiq emas deb topildi.

Konstitutsiyaviy sudning mazkur qarori shaxsning erkinligi va shaxsiy daxlsizligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlarni ta’minlash, ma’muriy ushlab turish institutini Konstitutsiya talablariga muvofiqlashtirish hamda shaxsni sud himoyasi bilan ta’minlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Qarorda shaxsni qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turish masalasida prokurorning xabardor qilinishi yoki sanksiyasi sud qarorining o‘rnini bosmasligi lozimligiga e’tibor qaratildi.  Bu esa ma’muriy tartibda ushlab turilgan shaxslarning erkinligi va daxlsizligini ta’minlashda sud nazoratining ahamiyatini yanada kuchaytiradi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 23.09.2026 Ko'rishlar 32
Ulashish