Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 6 iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov, BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Roli Astxana so‘zga chiqdi.
– Jamiyatimizda Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat tamoyili shakllanmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Tabiiyki, hayotning o‘zi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va huquqiy munosabatlarni yangidan tartibga solishni taqozo etmoqda. Bularning bari mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohot amalga oshirish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Qolaversa, bugungi global va mintaqaviy vaziyatdan kelib chiqib, ichki hamda tashqi xavf-xatar, inqiroz ta’siriga munosib javob qaytarish, zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashish zarur. Shu ma’noda har qanday jamiyatda konstitutsiyaviy huquqiy asosni takomillashtirish har qachongidan ham muhim.
V.Norov bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatning milliy manfaatlarini samarali ilgari surish, zamonaviy xalqaro muammolarga yechim topish imkonini beruvchi ochiq, izchil va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da belgilangan aniq va muddatli maqsadlarga erishildi. Mamlakatimizning mintaqaviy va xalqaro maydondagi o‘rni, nufuzini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar izchil amalga oshirib kelinmoqda.
Taraqqiyot strategiyasi amalga oshirilishi natijasida respublikamizning qo‘shni mamlakatlar, jahonning yetakchi davlatlari va xalqaro institutlari bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
bugungi tub o‘zgarishlar davrida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasida o‘z ifodasini topgan tashqi siyosatning yangi, yanada muhim va dolzarb maqsad, vazifalarini belgilab berdi.
Hozir jahonda ro‘y berayotgan, geosiyosiy keskinlik kuchayishi bilan tavsiflanayotgan global o‘zgarishlarning salbiy ta’siri qo‘shni va boshqa mintaqalar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlariga ham sezilmoqda. Bundan tashqari koronavirus pandemiyasi va ushbu kasallikning yangi shtammlari sabab davom etayotgan pandemiya to‘siqlari va cheklovlari xalqaro hamkorlikka doir barcha sohalar, birinchi navbatda, iqtisodiy va logistik aloqalarni rivojlantirishga qarshilik ko‘rsatmoqda.
Hozirgi sharoitda tashqi siyosiy faoliyat geografiyasini yanada kengaytirish, xorijiy sheriklar, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan turli darajadagi, ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni faollashtirish, mintaqa va jahonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni tizimli monitoring qilish, yuzaga kelayotgan tahdidlarga o‘z vaqtida va har tomonlama javob berish zarurligi ma’qullandi.
Anjuman doirasida mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari ommaviy axborot vositalari vakillarining qator savollariga ham javob berdi.
Shundan so‘ng davra suhbati tarmoq sessiyalari ko‘rinishida davom etdi. Ishtirokchilar yurtimizda Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining dolzarb, ustuvor yo‘nalishlari hamda zamonaviy xavf va tahdidlarni hisobga olgan holda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasini, erishilayotgan yutuqlarni e’tirof etdilar.
Tashqi siyosatda Yangi O‘zbekistonning ijobiy xalqaro imijini ilgari surish, mamlakatning jahon hamjamiyatidagi yetakchi o‘rni, yuksak obro‘-e’tiborini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar, tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Vazirlik, idoralar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, ekspert-tahliliy guruhlar vakillarining tashqi siyosat hamda tashqi iqtisodiy faoliyatning turli yo‘nalishlariga oid ma’ruzalari tinglandi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA