Maxsus zonalar da’volarining 97 foizi davlat foydasiga hal etilgan
Mamlakatimizda yer resurslaridan samarali foydalanish, tadbirkorlik sub’ektlariga yer uchastkalarini ajratish jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, yer qonunchiligi buzilishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ammo ba’zi hollarda ayrim tadbirkorlar ajratilgan yer uchastkalaridan samarasiz, maqsadsiz foydalanish holatlari uchramoqda. Amaliyotda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yerdan foydalanish shartlari buzilgan hollarda mahalliy davlat hokimiyati organlari va maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari iqtisodiy sudlarga da’vo arizasi bilan murojaat qiladi. Bunda esa davlat boji to‘laydi.
Bugungi kunda 40 ta maxsus iqtisodiy zonalar, 701 ta sanoat zonalari faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 2020-2025 yillar davomida iqtisodiy sudlarga jami 1 ming 896 ta da’vo arizasi kiritilgan. Bu jarayonlarda 2,2 milliard so‘m davlat boji to‘langan.
Sudlarda ko‘rilgan bu ishlarning 97 foizi davlat foydasiga hal etilgan. Biroq, bunday holatda ularning sudlarga murojaat qilish uchun davlat bojini to‘lash majburiyati ularning moliyaviy imkoniyatlarini cheklamoqda.
Shu maqsadda “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga iqtisodiy sudlarga murojaat qilishda mahalliy ijro hokimiyati organlari hamda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari va maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari yerdan foydalanish shartlari buzilgan hollarda iqtisodiy sudlarga da’vo arizasi bilan murojaat qilsa, davlat boji to‘lashdan ozod etilishi belgilanmoqda. Bu orqali yer resurslaridan samarali va maqsadli foydalanish, yer munosabatlarida qonuniylikni mustahkamlash ta’minlanadi.
Agar sudda yutqazilgan taqdirda davlat boji amaldagi qonunchilikka muvofiq maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan to‘lanadi.
Muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA
Ўзбекча
English
Русский