Millat fidoyilari

Qalblar titrar, joʻsh urar gʻurur va ulgʻayar yovqur qahramonlar

Bu yilgi bahor yurtimiz uchun quvonchli, tarixiy voqealarga boy boʻlmoqda. Mart va aprel oylarida uch davlat chegarasida “Doʻstlik” stelasi oʻrnatildi. Samarqandda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti boʻlib oʻtdi. Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi oʻtkazildi. Bular hech oʻylanmasdan yozganda yodga tushgan voqealar. Quvonarlisi, may oyi ham mamlakatimiz tarixiga bir necha muhim voqealar bilan muhrlandi. Ushbu voqealarning birini alohida ajratib koʻrsatish, eng muhimi shu, deyish mushkul. Ammo biz ramziy maʼnoda yurtimizdagi barcha oʻzgarishlar, kelgusi rejalarni oʻzida jamlagan hodisa — Prezidentimizning 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Gʻalaba bogʻida jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda bildirgan fikrlarini ushbu tarixiy voqealarning markaziy nuqtasi deb oldik.

Avvalo, bunday qarorga kelishimiz sababini izohlasak. Maʼlumki, davlatimiz rahbari hududlarga tashrifi davomida doim xalqimiz bilan muloqot qiladi. Ularning oʻy-fikrlari bilan qiziqadi. Oddiy odamlar, masʼullar fikriga quloq tutib, ana shu jarayonda mamlakat taqdiriga daxldor boʻlgan tashabbuslar ilgari suriladi.

9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Gʻalaba bogʻida jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda ham xuddi shunday boʻldi. Bu uchrashuvning boshqalaridan farqi shundaki, unda davlatimiz rahbari koʻpdan buyon oʻylab yurgan fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Abu Nasr Forobiy: “Fuqarolar bilan muloqot usullari va ularga taʼsir oʻtkazish yoʻllari sodda va tushunarli boʻlmogʻi lozim”, deganida naqadar haq edi. Zero, fikr doim erkindir. Shu bois, u doim yurakning tub-tubidan chiqib, insonning asl maqsadini ifodalashga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbarining ushbu fikrlari yangi Oʻzbekiston tanlagan yoʻlning hammaga tushunarli tilda, loʻnda yetkazib berilgani bilan yanada dolzarblik kasb etdi. Bugun ana shu fikrlar fonida soʻnggi kunlardagi tarixiy voqealarni tahlil etsak. Ularning asl mohiyatini anglashga urinsak. Biz tanlagan yoʻl haqida suhbatlashsak. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tanlangan yoʻlning ¬naqadar toʻgʻriligi va ulugʻvorligi bugun biz erishgan juda koʻp tarixiy yutuqlarda koʻzga tashlanib turibdi.

Millat fidoyilari chirogʻi hech qachon oʻchmaydi

Birinchi anglam. Davlatimiz rahbari Gʻalaba bogʻidagi uchrashuv chogʻida: “Bizning eng katta boyligimiz — bu tinch va osoyishta hayotimiz, Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning omonligidir. Bugungi kunda barcha harakat va islohotlarimiz, hamma ezgu niyatlarimiz bir ulugʻ maqsadga — davlatimiz istiqloli, el-yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga qaratilgan. Eng katta maqsad-muddaomiz — mehnatkash, mard va olijanob xalqimizni rozi qilishdan iborat”, dedi.

Dunyoning bugungi qiyofasi tinchlik nechogʻliq aziz va bebaho neʼmat ekanini koʻrsatib turibdi. Afsuski, turli ziddiyatlar dunyo miqyosida tahlikali vaziyatni yuzaga keltirmoqda. Bu iqtisodiyotdan boshlab barcha soha rivojiga toʻsiq boʻlayotgani ham achchiq haqiqat. Masalan, bitta davlat osmonidagi notinchlik sabab oʻnlab mamlakatlarni bogʻlaydigan aviareyslarning kechikishi, hatto bekor boʻlishi ham kuzatilmoqda. Ana shu fonda iqtisodiy urushlar avj olayotgani ham bor gap. Buning oqibati faqat ziddiyatga kirishgan davlatlar bilan cheklanib qolmaydi. Global dunyoda buning imkoni ham yoʻq. Ana shunday vaqtda tanlangan yoʻl qanchalik qiyin boʻlmasin, faqat oldinga qarab borish, toʻgʻri yoʻl tanlay olish... nihoyatda oqillik va jasoratli yurishlarni talab etadi. Zero, qadimgi Rimning mashhur faylasufi Seneka aytganiday: “Faqat aql-idrok osoyishtalikni taʼminlay oladi”.

Tinchlikni taʼminlay oladigan aql-idrok jamiyatdagi barchaga birdek daxldordir. Uni maʼlum qatlam, jamoaga yoki alohida shaxslarga qarata aytish xato, nazarimizda. Keling, buni bir oz soddaroq tushunib olsak. Aql bilan ish koʻradigan jamiyatda hamma ish joy-joyida boʻladi. Masalan, mahalla raisi oʻz vazifasini toʻla va toʻgʻri bajaradi. Fuqaro ham oʻz haq-huquqi bilan birga majburiyatlarini tan oladi va shunga munosib tarzda ishlaydi. Umuman, jamiyatda birdamlik, yagona xalq tushunchasi ustuvor boʻladi. Ana shunday ichki ahillik tashqi taʼsirlarni zaiflashtiradi. Bu dunyo tarixi, mamlakatlar taqdiri misolida koʻp bora oʻz tasdigʻini topgan. Bunday ahillikning tayanch ustuni esa rozilikdir! Shu bois, yangi Oʻzbekistonda xalqimizni rozi qilish, “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyaga asoslangan yoʻl tanlangan. Bugungi oʻzgarishlar, olib borilayotgan islohotlar zamirida ana shunday hayotiy haqiqat bor. Shu oʻrinda mazkur yoʻlda eʼtibor qaratish zarur boʻlgan yana bir jihat mavjud. Bu ham boʻlsa, xalqni bugunidan rozi qilish barobarida kelajagiga katta ishonch berishdir. Demak, yoshlar tarbiyasi, ularning komil inson boʻlib ulgʻayishiga jiddiy eʼtibor qaratish lozim.

Mamlakatimiz yetakchisi Gʻalaba bogʻining mazmun-mohiyati, xalqimizning qahramonligi haqida fikr bildirib: “Bu ulugʻvor majmua — xalqimizning fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasini yaqqol koʻrsatib turadigan qutlugʻ maskan, ulugʻ ziyoratgohdir. Ayni vaqtda bu farzandlarimizga ajdodlarimiz jasoratidan saboq beradigan oʻziga xos tarbiya oʻchogʻi, desak, toʻgʻri boʻladi. Eng muhimi, ushbu bogʻ xalqimizning Vatan himoyasi yoʻlidagi qahramonlik anʼanalari barhayot ekani, ularni har bir avlod sharaf bilan davom ettirishi zarurligini barchamizga eslatib, taʼkidlab turadi”, dedi.

Darhaqiqat, barcha zamonlarda ana shunday qahramonlar jamiyatga umid bagʻishlagan. Mamlakat tarixini yaratgan. Bu bizning shonli oʻtmishimizdan ham maʼlum. Endi yorugʻ kelajak haqida qatʼiy qarorga kelgan ekanmiz, yosh avlodni shu ruhda tarbiyalashga ahamiyat qaratishimiz shubhasiz. Bunda, ayniqsa, yaqin oʻtmishimizdagi qahramonlarni eslash, ularning xotirasini abadiylashtirish, hurmatini joyiga qoʻyish ham juda muhim hisoblanadi. Bilamizki, mustaqillik yillarida Vatanimiz sarhadlarini daxlsiz saqlash, bugungi tinch va osoyishta hayotni himoya qilish yoʻlida bir qancha harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari mardlarcha halok boʻlgan. Ular ¬mustaqil Oʻzbekistonning tinchligi yoʻlida jonini qurbon qilgan qahramonlardir. Prezidentimiz iborasi bilan aytganda, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz mustaqil Oʻzbekistonning ana shunday qahramonlari borligini bilishi va ularni hech qachon unutmasligi zarur!

Gʻalaba bogʻidagi yangi yodgorlik — “Millat fidoyilari” monumenti aynan oʻsha qahramonlarni hayotga qaytardi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, ushbu monumentda ularning nomi zarhal harflar bilan muhrlab qoʻyildi. 196 nafar marhum harbiy xizmatchi va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining har biri haqida ushbu yodgorlik ziyoratiga kelganlar maʼlumotga ega boʻladi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbari shoir, adiblar va biz, jurnalistlarni qahramonlarimiz oilalari va ularning -oʻzlari ¬haqida yangi asarlar, kitoblar yozishga undadi. Bu ijodkor, ziyolilarga oʻzgacha ruh berdi. Demoqchimizki, bu qahramonlar doim qalbimizda yashab kelayotgan edi. Faqat ularni maʼlum bayramlar arafasidagina eslayotgan edik. Bunday chaqiriqdan soʻng qahramonlarimiz va ulardan koʻra kam qahramonlik koʻrsatmayotgan oilalarini keng jamoatchilikka ham yaqindan tanishtiramiz. Bu yoʻlda “Millat fidoyilari” monumenti qahramonlar haqida yaratilajak asarlarning eng birinchisi va betakror namunasi boʻldi. Chunki u inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan va xalqimizning xohish-istaklarini oʻzida jamlagan. Fikrimizni muhtaram ¬Prezidenti¬mizning quyidagi gaplari tasdiqlaydi: “Men 2023-yil mart oyida Surxondaryoda sizlarning koʻpchiligingiz — ana shunday marhum askar va ofitserlarimizning oila aʼzolari, yaqinlari bilan uchrashganman, fikr va takliflaringizni eshitganman. Mana shu qahramonlarimiz xotirasiga ham yodgorlik oʻrnatsak, degan orzu, kerak boʻlsa, armon meni doim oʻylantirib kelardi. Bu nafaqat mening, balki ana shunday botir va dovyurak ona yurt posbonlarini tarbiyalagan sizdek ota-onalarning, qolaversa, qahramonlarimizning ayollari va farzandlarining, butun xalqimizning orzusi edi, desak, albatta xato boʻlmaydi”.

Shuning oʻziyoq yangi Oʻzbekistondagi islohotlar yurtdoshlarimiz fikri, ularning orzulari roʻyobi yoʻlida amalga oshirilayotganini tasdiqlaydi. Bu jamiyat birdamligiga, yagona xalq boʻlib olgʻa intilishimizga mustahkam zamindir.

Shu oʻrinda yana bir voqea haqida aytish zarur. Kuni kecha aholining taklif va istaklarini inobatga olgan holda, Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, avtomobil yoʻllarida harakatlanish tartibini yanada takomillashtirish, haydovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish hamda ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan Hukumat qarori qabul qilindi. Biz hozir ushbu qarorni sharhlash niyatida emasmiz. Ammo fikrimizga uygʻun boʻlgani uchun bitta taqqosni aytib oʻtmasak boʻlmaydi. Yoʻldagi chiziqlarni bosish va buning uchun jarima toʻlash koʻp hollarda haydovchilar eʼtiroziga sabab boʻlayotgandi. Shu bois, mazkur qaror qabul qilindi. Xalqimizning istaklari hisobga olindi.

Tinchlik — eng katta boylik

Ikkinchi anglam. Bogʻ unga quyosh nuri bilan birga oʻz vaqtida suv kelib turgani bois yashnaydi. Daraxt quyoshning chiqishi tabiiy jarayon ekanini biladi. Chunki u har kuni botib, yangi kunda yana koʻrinish beradi. Ammo ular suv bogʻbonning qanchalik mashaqqatli mehnati evaziga kelayotganini bilavermaydi. Negaki bu jarayon daraxtlar uchun begona. Tinchlik ham xuddi oʻsha suvga oʻxshaydi. Usiz hayot oʻz izidan chiqib ketadi. Bugun bunga dunyo mamlakatlari misolida guvoh boʻlib turibmiz. Demak, ozgina mulohaza qilgan, hayotni chuqurroq oʻrganishga kirishgan inson borki, tinchlik deb atalmish bebaho boylik oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmasligini yaxshi his etadi. Davlatimiz rahbari ana shu tinchlikni asrash borasida har birimiz nafaqat bilishimiz, balki bu zahmatni, uning qadrini yuragimizdan his etishimiz uchun juda muhim boʻlgan bitta fikrni aytdi: “Hayot bor ekan, butun jamiyatda albatta har jabhada kurash ¬ketadi. Hozirgi kunda biz ham goʻzal, fayzli va farovon hayot uchun, ¬tinchlik uchun kurashyapmiz. Bu kurash har kuni, har daqiqada davom etmoqda”.

Ochiq tan olish kerak. Bu kurash hech qachon toʻxtamagan va uning yakuni yoʻq. Hayotning qoidasi shu. Ammo u davr, xalqaro maydondagi jarayonlarga qarab, jamiyatning ahvolidan kelib chiqib bir oz yengil va aksi boʻlishi mumkin. Hozirgi global oʻzgarishlar davri bizga doimgidan ham hushyor boʻlish talabini qoʻymoqda. Demak, bunday vaqtda jamiyat birdamligi va oqilligi bilan vaziyatni imkon qadar yumshatishga xizmat qilishi shart. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining yuqorida keltirilgan fikrlari biz uchun ogohlik signali boʻlishi lozim. Yaʼni bugun toʻqlikka shoʻxlik qilayotganlar ham, afsuski, jamiyatimizda topiladi. Oddiy oilaviy marosimlar bilan bogʻliq ogʻriqli nuqtalarimiz hamon malham topmadi. Yoki yoshlar orasida otasining puliga olingan mashinani qonun-qoidalarga amal qilmay, oʻzgalar hayotini xatarga qoʻyib boshqarish avj olgani ham achchiq haqiqat. Ijtimoiy tarmoqdagi ayrim yoshlar, hatto yoshi ulugʻlarning ham baʼzi chiqishlarini kuzatib afsuslanasiz. Bunday kimsalar milliylik, oʻzlik degan tushunchalarni unutib qoʻyayotgani kishini tashvishga soladi. Bular bizga yarashmaydigan ishlardir. Bugungi erkin hayot berayotgan imkoniyatlarni toʻgʻri qabul qilish, shunga yarasha jamiyat boʻlib shakllanish zarur. ¬Prezidentimiz bejiz “Erkinlik va ozodlikning, tinchlikning ¬qadriga yetish — bu oson emas. Bu — oʻta ogʻir va mashaqqatli ish. Buning uchun ham ilm, tarbiya, madaniyat va iroda kerak. Shu bois, men “biz hali izlanishdamiz” degan fikrni koʻp takrorlayman”, degani yoʻq.

Ajdodlarimiz aytmish, ilm — najotdir, degan hayotiy haqiqatning bugungi qiyofasi yuqoridagi fikrda toʻlaligicha oʻz aksini topgan. Ha, najot yoʻli ilm va tarbiyadadir.

Prezidentimiz Gʻalaba bogʻidagi uchrashuvda bildirgan fikrlarida yaxshi tarbiyasi sabab ana shu ilmga intilib, mamlakatdagi islohotlar sabab yutuqqa erishgan yoshlarni namuna qilib koʻrsatdi. Ayniqsa, urganchlik Maftuna Ochilova va unga tarbiya bergan onasi yangi Oʻzbekistondagi islohotlar oddiy insonlarning orzusini amalga oshirishga qaratilganini yana bir bor tasdiqladi.

Maftuna Ochilovani onasi yolgʻiz tarbiya qilgan ekan. Ayol ming bir mashaqqatlar evaziga oilasini qashshoqlikdan olib chiqqan. Ayni paytda bolalarini kitobga, ilm olishga qiziqtirgan. Maftuna onasidan ibrat olib, tinmay oʻqib-oʻrgangan. Natija quvonarli. Kitobxon yoshlar tanlovida u birinchi oʻrinni egallab, katta yutuq — avtomobilni qoʻlga kiritdi. Bu ham boʻlsa, yurtimizda ilm qadrlanayotgani, bu borada adolat bosh mezon ekanidan dalolat. Shu oʻrinda Hazrat Navoiyning: “Xush ul kishi kim, adl sifoti boʻlmish”, yaʼni “Yaxshi kishi adolatni kasb qilib oladi”, degan hikmatini eslab oʻtmoqchimiz. Maftuna yutugʻi sabab, avvalo, oʻziga ishonchi ortdi. Qolaversa, boshqa tengdoshlariga ham xuddi shunday soʻnmas tuygʻu ulasha oldi. Muhimi, bugun yoshlar, umuman, barcha telefon, internet kabi oʻtkinchi narsalarga koʻp chalgʻimasdan olgʻa intilsa, katta yutuqlarni qoʻlga kiritishi mumkin ekanini isbotladi. Shu maʼnoda, Maftuna Ochilovaday qizlar va ularning tarbiyachisi boʻlgan onalarni, hech shubhasiz, xalqimizning bugungi qahramonlari, desak boʻladi. Ular kitob naqadar buyuk moʻjiza va sinovli dunyodagi ¬najot yoʻli ilmda ekanini oʻz hayot yoʻli bilan isbotlab bermoqda.

Yuqorida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Gʻalaba bogʻida boʻlib oʻtgan uchrashuvda davlatimiz rahbari nutq soʻzlagani yoki muloqot qilgani emas, aynan fikrlari bilan oʻrtoqlashganiga alohida urgʻu berdik. Shundan kelib chiqib, yana bir jihatga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz. Davlatimiz rahbari Maftuna Ochilova haqida aytar ekan shunday dedi: “Oddiy bir qizimiz shu gaplarni yigʻlab-yigʻlab aytganida, mening koʻnglim ham beixtiyor boshqacha boʻlib ketdi. Buni men ham soʻz bilan ifoda etib berolmayman. Qarang, ezgulik qanday buyuk, qanday qudratli kuch!”.

Bugun yangi Oʻzbekiston yoshlari ana shunday qudratli kuchdan quvvat olayotgani ayni haqiqat.

Najot yoʻlining mustahkam ustuni

 

Uchinchi anglam. May oyidagi yana bir katta voqea Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan maktab taʼlimi yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻldi. Ushbu yigʻilish har qanday mamlakat taraqqiyoti sogʻlom va bilimli avlodga bogʻliq degan nihoyatda muhim fikr atrofida boʻlib oʻtdi. Yaʼni biz tanlagan yoʻl — yangi Oʻzbekistonni barpo etish gʻoyasining roʻyobi sogʻlom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga bogʻliq ekan va buning uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarurligiga -qaratildi.

Aslida, islohotlarning ilk kunidanoq taʼlimga katta eʼtibor berilmoqda. Oddiy misol, shu vaqtgacha maktab oʻqituvchisi ijro hokimiyatining tekin ishchi kuchiga, fermerning paxta terimchisiga aylanib qolgan edi. Sobiq tuzumdan meros bunday illatdan uzoq yillar qutula olmadik. Yangi Oʻzbekistonda oʻqituvchining hurmatini joyiga qoʻyish borasida amaliy ishlar qilindi. Bugun

1000 dollar miqdorida maosh olayotgan oʻqituvchilar soni oshib borayotgani ham fikrimiz dalili. Bundan tashqari, oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab taʼlimi uchun mablagʻ

7 karra oshirildi. Joriy yilda mazkur sohaga 60 trillion soʻm yoʻnaltirilayotgani taʼkidlandi. Birgina bogʻchalar misolida oladigan boʻlsak, keyingi yillarda qamrov 3 karra oshib, 78 foizga yetgan. Bu faqat bolalarga taʼlim berish kuchayganini anglatmaydi. Balki onalar bandligi, ishlamagan taqdirda ham oʻzi uchun yetarlicha vaqt ajrata olishi degani. Axir olis qishloqlarda ham bogʻchalar ochilgach, qishloq ayollarining hayoti tubdan oʻzgardi. Sohaga qaratilgan jiddiy eʼtibor sabab bogʻcha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab oʻqituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi oʻquv yilidan maktab direktorlari, oʻrinbosarlari va bogʻcha mudiralarining ish haqi 7-10 million soʻmdan oshadi. Shuningdek, mazkur yigʻilish sohada tub oʻzgarishlarning yangi davri boshlanganiga dalolat boʻldi. Yaʼni endi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi butun tizimi bilan “favqulodda toʻqson kunlik” tartibida ishlashga oʻtadi. Chunki taʼlim sohasida hamon bajarilishi zarur boʻlgan ishlar bisyor. Yurtimizda oʻqituvchilar obroʻsi oshib borishi, maktab va bogʻchalarning texnik bazasi boyishi bilan birga malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyoj ham ortib bormoqda. Zero, sifatli taʼlimni faqat yuqori malakali pedagoglar bera oladi. Shu bois, sohani tubdan yaxshilash borasida qator tashabbuslar ilgari surildi. Masʼullarga tegishli vazifalar yuklandi. Xususan, barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan oʻzgaradi. Bu oliygohga Yangi Oʻzbekiston universitetidagi kabi xalqaro boshqaruv tizimi tatbiq etiladi.

Bolalar tarbiyasi va taʼlimi haqida yana bir haqiqat — tub oʻzgarish bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish borasidagi yangilik boʻldi. Yaʼni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi. Bu juda katta yangilik va muhim voqea. Zero, donishmand Seneka “Maʼnaviy qullikdan sharmandaliroq mutelik yoʻq”, degan edi. Global dunyomizda maʼnaviy qullik targʻiboti tobora avj olib borayotgani ayni haqiqat. Yangi markaz ana shu kurash maydonida bayrogʻimizni baland koʻtarishi, yoshlarimizning ona Vatanga mehr-muhabbat bilan ulgʻayishida xizmat qilishi zarur. Shu maʼnoda, yangi markaz oldida ulkan masʼuliyatli va sharafli yoʻl turibdi.

Yana bir voqea. 21-may kuni Budapesht shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammiti boʻlib oʻtdi. Unda davlatimiz rahbari nutq soʻzladi. Ushbu nutq Oʻzbekiston barcha nizolar tinch va diplomatik yoʻl bilan, adolatli tarzda hal etilishi tarafdori ekanini bildirdi. Ayni shu global darajadagi ziddiyatlar davrida iqtisodiy, ijtimoiy masalalarni hal etishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ana shu oʻrinda hozirgi fikrlarimizga hamohang boʻlgan yana bir jihat tilga olindi. Yaʼni Prezidentimiz: “Jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qoʻshgan, barchamizning faxr-iftixorimiz boʻlgan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganish va dunyoga tarannum etish biz uchun sharafli va masʼuliyatli vazifadir. Shu bois, ilm-fanni rivojlantirish va yosh avlod uchun taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish niyatida “Turkiy dunyo xartiyasi”da “Ilmdan oʻzga najot yoʻq” degan yuksak axloqiy gʻoyani muhrlab qoʻydik”, dedi. Ana shuning oʻziyoq yangi Oʻzbekiston maʼrifatga yoʻgʻrilgan adolatli yoʻlni tanlaganini va buni xalqaro maydonda keng targʻib etayotganini koʻrsatadi.

Munosiblik masʼuliyati

Toʻrtinchi anglam. Navbatdagi fikrimizni yana bir muhim voqea bilan boshlamoqchimiz. Ushbu oy avvalida davlatimiz rahbari tibbiyotning birlamchi boʻgʻini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini yanada oshirish, dori vositalari isteʼmolini tartibga solish hamda tibbiy taʼlimni takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi. Bu haqda gazetamiz sahifasida hurmatli mutaxassislarimiz, jurnalistlar bir necha bor chiqish qildi. Shu orqali, uning mohiyatini ochib berishga urindik. Hozir bu borada koʻp fikr aytib vaqtingizni olishdan yiroqmiz. Ammo maqolamizga bosh mavzu boʻlgan xalqni rozi qilish va inson qadrini ulugʻlash yoʻlidagi bitta jihatni eslab oʻtmoqchimiz.

Endi tumanlardagi poliklinikalarda oilaviy shifokorning bazaviy oyligi 500 dollar, hamshiraniki 300 dollar ekvivalentida boʻladi. Oilaviy shifokor va hamshira malaka sertifikati olsa, yana ustama toʻlanadi. Agar ular mahallada yurib, surunkali kasali borlarga vaqt ajratsa, ularni kasallik bilan yashash va uni boshqarishga oʻrgatsa, onkologik, diabet, insult, infarkt kabi kasalliklarni erta aniqlab, ogʻir asoratlarning oldini olsa, bularning hisobiga tez yordam va statsionarga murojaatni qisqartirsa, shifokorga yana 500 dollar, hamshiraga esa qoʻshimcha 300 dollar beriladi.

Shu oʻrinda kichik mulohaza. Koʻp hollarda sogʻlom turmush tarziga amal qilmaymiz. Oqibatda aksariyatimiz kasalliklarga koʻp yoʻliqamiz. Tagʻin oʻsha turmush tarzida davom etib, bu kasalliklarni diabet, insult, infarkt kabi holatlargacha olib boramiz. Oʻzimiz oʻzgarmasak, jamiyat oʻzgarmasligi haqida koʻp aytamiz. Ammo sogʻlom turmush tarzi borasida oʻzimizda oʻzgarish kam kuzatilayotgani achchiq haqiqat. Toʻgʻri, keyingi vaqtlarda sport bilan shugʻullanadiganlar safi oshib boryapti. Lekin bu hali qoniqarli darajaga yetgani yoʻq. Yuqorida aytilgan yangilanishlar ana shu oʻzgarish qiyin kechayotgan jamiyatni isloh etishga qaratilgan. Zero, bu oʻzgarishlar nafaqat kasallikning oldini olishga, balki sogʻlom turmush tarzini targʻib etishga ham qaratilgani bilan ahamiyatli.

Oʻrni kelganda bitta hayotiy fakt. Kuni kecha ijtimoiy tarmoq faollaridan biri Isomiddin Poʻlatov tez yordam chaqirgani va u vaqtida yetib kelib, yaxshi xizmat koʻrsatgani haqida yozdi. Muallif aytishicha, tez yordam kelib ketgach, unga begona raqamdan qoʻngʻiroq boʻlgan. Koʻrsatilgan xizmat sifati, uni yanada yaxshilash borasida biron taklifi bor-yoʻqligi haqida soʻragan. Keyin “Tez yordamda borgan tibbiyot xodimlari hududiy poliklinikaga murojaat qilishingizni eslatdimi?” degan savol berilgan. Faolimiz ijobiy javob bergach, ular sogʻliq tilab xayrlashgan.

Bu yerda ikkita muhim jihat bor. Birinchisi, tez yordam sifati amalda yaxshilanyapti. Ikkinchisi, yuqorida qayd etilgan yigʻilishda tez yordam kasalxonaga aylanib qolgani tanqid qilingan edi. Masʼullarning hududiy poliklinikaga murojaat qilish eslatmasi va bu takror tekshirib koʻrilishi xalqimiz salomatligini taʼminlash borasidagi yangi vazifalarga allaqachon kirishilganini bildiradi.

Endi maqolamiz avvalidan toki oxirigacha aytilgan oʻzgarishlarni bir qur yodga oling. Ularda bitta mushtaraklik bor. Bu ham boʻlsa, yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlida xalqimizni rozi qilib, yuksak maʼnaviyatli, betakror ilmga ega va sogʻlom jamiyatni qurishga qaratilgan islohotlardir.

Yon-atrofni kuzating. Kundalik hayotingizni, farzandlaringiz tarbiyasiga qanchalik vaqt ajratayotganingizni xolis tahlil qiling. Global dunyodagi oʻzgaruvchan sharoitda tinchlikni asrashda mashaqqatli yumushga qanchalik hissa qoʻsha olyapman degan savolga javob izlang. Ana shunda qalbingizning tub-tubida Vatanimizga munosib farzand boʻlish masʼuliyati yanada joʻsh uradi. Mustaqillik — buyuk neʼmat. Uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning muqaddas burchimiz. Hozirgi tahlikali zamonda bu neʼmatni asrashning yagona yoʻli maʼrifatli jamiyatdir. Bunday jamiyat oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi. Uning har bir aʼzosi faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻladi. Shu tariqa ilm olishga, kitob oʻqib, yoshlarni toʻgʻri yoʻlga boshlashda yetakchilik qiladi. Muhimi, yagona Xalq, bitta Vatan boʻlib harakatga keladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida biz tanlagan yoʻlning bosh maslagi va ortga qaytmasligi mohiyati ana shu hayotiy maqsad bilan quvvatlanib turadi.

Salim DONIYOROV

 “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech