Mintaqaviy integratsiya, birgalikda taraqqiy etish g‘oyalari Markaziy Osiyoda amaliy mazmun kasb etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim siyosiy platforma vazifasini o‘tadi.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan ushbu muhim tarixiy tadbir haqida Oliy Majlis Senati a’zosi Zumrad Bekatova o‘z fikrlarini bildirdi:
– Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va siyosiy muloqot, mintaqaviy integratsiya sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bunday uchrashuvlar siyosiy muloqotdan amaliy sheriklikka aylanib borayotgani e’tiborga loyiq.
Alohida qayd etish kerakki, hududiy masalalar uzil-kesil hal etildi, chegara punktlari ochildi, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Transport aloqalari qayta tiklandi, mamlakatlarimiz o‘rtasida faol savdo-investitsiya va gumanitar aloqalar uchun qulay sharoit yaratildi.
O‘tgan yili Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 10,7 milliard AQSH dollariga yetgan. Mintaqamizga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 17 foizga ko‘paygan.
O‘zbekiston raisligi davrida hamkorligimiz salohiyatini yanada oshirish maqsadida 20 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi. Mintaqaviy sheriklikning institutsional asoslari va mexanizmlari tizimli ravishda kengayib bormoqda.
Birgina O‘zbekiston raislik qilgan davrda 20 dan ortiq yirik tadbirlar, jumladan, Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida mintaqalararo hamkorlik forumi ishi yo‘lga qo‘yilgan, ilk bor mudofaa idoralari, maxsus xizmatlar rahbarlari, shuningdek, geologiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va madaniyat vazirlari yig‘ilishlari o‘tkazilgan bo‘lib, bularning barchasi Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Bunday Maslahat uchrashuvlari doirasida yoki uning arafasida o‘tkazilishi an’anaga aylangan Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti o‘tgan haftada Toshkentda o‘tkazilib, uning doirasida ham hamkorlikni yanada mustahkamlashga zamin yaratadigan muhim hujjatlarni qabul qilishga kelishib olindi.
Yettinchi Maslahat uchrashuvining muhim jihatlaridan biri – bu mintaqaviy hamkorlikning yanada kengayishi bilan bog‘liq voqelik bo‘ldi. Xususan, aynan poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvda ilk bor Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tuzilmaning to‘laqonli a’zosi sifatida ishtirok etdi.
Bu esa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida iqtisodiy va transport aloqalarini kuchaytirish imkonini kengaytiradi.
Mazkur uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar esa bu jarayonning strategik yo‘nalishini belgilab berdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan hamkorlik mexanizmlari va shartnomaviy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratish tashabbusining o‘ziyoq mintaqa mamlakatlarining barcha sohalardagi hamkorligini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Bunday hamkorlikka kirishgan mamlakatlarning tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Chunki, birdamlik kuchliroq ovozga ega bo‘lish huquqini ham beradi.
Ya’ni, bunday uchrashuvlarni mintaqaviy muloqotning maslahat shaklidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirish tashabbusini ilgari surib, shu maqsadda Maslahat uchrashuvlari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish, kotibiyatini ta’sis etish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini Prezidentlarning maxsus vakillari darajasiga ko‘tarish taklifi bildirildi.
Shuningdek, xalq diplomatiyasi sohasidagi qadriyat va an’analarimizga tayangan holda, boy hayotiy tajriba va obro‘-e’tiborga ega jamoat arboblaridan iborat Oqsoqollar kengashini tuzish taklifi ilgari surildi.
Ushbu takliflar formatning institutsional va tashkiliy asoslarini izchil mustahkamlab borish, ushbu mamlakatlarda avlodlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish, shuningdek, umummintaqaviy hamjihatlik va o‘ziga xoslikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Uchrashuv doirasida davlat rahbarlari mintaqa taraqqiyoti uchun ustuvor bo‘lgan qator strategik yo‘nalishlarni muhokama qildi. Jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoatni rivojlantirish, transport va logistika yo‘laklarini mustahkamlash, energetika va suv resurslaridan samarali foydalanish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash kabi muhim masalalar kun tartibidan o‘rin oldi. Shuningdek, xavfsizlik, chegara-bojxona hamkorligi, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surib kelinayotgan mintaqaviy integratsiya, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va birgalikda taraqqiy etish g‘oyalari bugun Markaziy Osiyoda amaliy mazmun kasb etmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский