Oilaviy kelishmovchiliklar, iqtisodiy muammolar, e’tiborsizlik, xavfsiz muhitning yo‘qligi va yoshlarning hayotiy ko‘nikmalari shakllantirilmagani – bolalar o‘rtasida zo‘ravonlikni yuzaga keltiruvchi omillar.
So‘nggi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar soni oshib bormoqda. Afsuski, har yili kamida bir milliard bola u yoki bu zo‘ravonlikka duch keladi. Bu dunyo bolalarining yarmi demakdir.
BMT Bosh kotibining maxsus vakili Najat Maalaning Toshkentga tashrifi chog‘ida bolalarni har tomonlama himoya qilish va ularning farovonligini ta’minlashda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi borasida suhbatlashdik.
– Maala xonim, siz bolalar huquqlarini himoya qilish va dunyo bo‘ylab ushbu masalani ilgari surish bo‘yicha katta tajribaga egasiz. O‘zbekistonga qilgan tashrifingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz.
– BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili sifatida do‘stona rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldim. Men uchun eng muhimi – mamlakatdagi holat yuzasidan umumiy taassurotga ega bo‘lish, bolalar huquqlari va farovonligi siyosiy kun tartibi boshida turishi. O‘zbekistonda aynan shunday ekaniga guvoh bo‘ldim. Prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv juda ta’sirli bo‘ldi. Prezident bolalar huquqlari himoyachisi hisoblanadi.
– Bolalarni himoya qilish va ularning farovonligini ta’minlash umumiy taraqqiyot uchun ham asosiy kalit hisoblanadi. Bu jarayonda vazirliklar bilan bir qatorda, boshqa tomonlarning ishtiroki haqida nima deya olasiz?
– Agar biz bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik va ijtimoiy chetlashtirishning oldini olishni istasak, barcha sektorlarni jalb qilishimiz kerak. Bu borada Ijtimoiy himoya milliy agentligi muvofiqlashtiruvchi asosiy tuzilma hisoblanadi. Yana bir muhim jihati shundaki, bu agentlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga hisobot beradi. Bu esa har bir vazirlik, idora va ishtirokchini mas’ul qiladi.
Men mamlakatingizga tashrifim chog‘ida Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari bilan ham uchrashdim. Chunki, bolalarni himoya qilishga oid harakatlar investitsiya sifatida ko‘rilishi kerak. Biz ushbu yo‘nalishda nima qilish mumkinligi haqida suhbatlashdik. Qog‘ozda chiroyli dasturlar bo‘lishi yaxshi, ammo ularni real hayotga tatbiq etish kerak. Xizmatlar bolalarga mahalliy darajada yetib borishi kerak. Ularning qiymatini aniqlash, tarmoqlararo byudjet yaratish muhim.
–Bolalar huquqlarini ta’minlash borasida O‘zbekiston qanday natijalarga erishgan deb hisoblaysiz?
– Ochig‘ini aytsam, O‘zbekiston bolalar huquqlari borasida ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Bilamizki, bu har qanday mamlakatda, hatto eng boy va rivojlangan davlatlarda ham oson emas. Ammo men hududiy darajada qisqa vaqt ichida tashkil etilgan xizmatlar va ko‘rilgan choralardan juda hayratdaman.
Bu haqiqatdan ham tahsinga loyiq. Yana bir jihat — odamlarning kamtarligi. Ular: “Ehtimol, biz hali hamma narsani to‘g‘ri qilmayotgandirmiz. Qanday qilib bu boradagi ishlarni yaxshiroq qilishimiz mumkin?” — degan savollarni o‘zlariga berishmoqda. O‘ziga savol berish — eng to‘g‘ri yondashuv, deb hisoblayman.
Bundan tashqari O‘zbekistonda “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu qonun juda muhim, chunki zo‘ravonlik uyda, muassasalarda, ko‘chada, internetda, markazlarda — hamma joyda sodir bo‘ladi. Menga yoqqan jihat — qonunga beparvolikni ham zo‘ravonlikning bir turi sifatida kiritishganidir. Bu ham muhim.
Biz natijalarni baholashimiz kerak. Ta’sir ko‘rsatish uzoq vaqt talab qilishi mumkin, lekin natijalar va ularning byudjet bilan bog‘liqligi, xarajatlarni kuzatish – bularning barchasi juda ahamiyatli.
Diqqatimni tortgan yana bir jihat – deyarli har bir uchrashuvda O‘zbekiston nima qilayotgani va keyingi bosqichlarda nima qilishi kerakligi ta’kidlandi.
– O‘zbekiston tajribasining muhim jihatlari nimada deb o‘ylaysiz?
– Hech bir davlat bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka to‘liq barham bergan emas. Shu bois, o‘tgan yil noyabr oyida biz ushbu mavzuga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyani o‘tkazdik. O‘zbekistonda esa eng yuqori darajada siyosiy iroda mavjud. Buni hujjatlashtirish, vizual formatda ko‘rsatish, 2030 yilgacha bo‘lgan maqsadlar bilan uyg‘unlashtirish juda muhim. Shuningdek, multi-sohaviy hamkorlikni ta’minlash: bu yerda hukumat, fuqarolik jamiyati, xalqaro tashkilotlar ishtirok etmoqda va ular yuksak darajadagi organlar oldida javobgar. Buni boshqa davlatlarga ko‘rsatish kerak, chunki bu faqatgina O‘zbekiston emas, butun dunyo miqyosidagi masala.
– O‘zbekiston “Bogota harakatlar chaqiruvi”ga qo‘shildi. Buni qanday baholaysiz va O‘zbekiston qanday hissa qo‘sha oladi, deb hisoblaysiz?
– O‘zbekistonning “Bogota harakatlar chaqiruvi”ga qo‘shilgani — katta voqea. Chaqiruvning mazmuni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan mutlaqo uyg‘un. Mamlakat xalqaro harakatning faol a’zosiga aylanmoqda. Markaziy Osiyo va uning tashqarisida bolalar manfaatlarini himoya qiluvchi davlatlar zarur. Shuningdek, "Bogota harakatlar chaqiruvi" orqali ko‘p tomonlama hamkorlikni qayta tiklash imkoniyati yaratiladi. O‘zbekiston o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashib, boshqa davlatlar uchun ham o‘rnak bo‘lishi mumkin. Biz kecha Global sheriklik alyansi haqida ham gaplashdik — u 42 mamlakatni qamrab oladi. Bu tajriba almashinuvi uchun yangi imkoniyatlar, xususan bolalar, diniy yetakchilar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektorni ham qamrab oluvchi bilim platformasi bo‘ladi.
O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 30.04.2025
- Ko'rishlar: 24
- Chop etish