O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi ko‘magida muhim jamoatchilik nazorati tashkil etildi.
Tadbir doirasida Toshkent shahar Shimoliy va Janubiy temir yo‘l vokzallarida nogironligi bor shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Unga ko‘ra, vokzal binolarining arxitektura yechimlari va kirish-chiqish nuqtalari, nogironligi bor shaxslar uchun maxsus yo‘lakchalar, ko‘rgazmali belgilar, hojatxona, lift va panduslar holati ko‘zdan kechirildi.
Bundan tashqari xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning tayyorgarlik darajasi, axborot panellari va e’lonlar, audio-vizual ko‘mak vositalari tahlil qilindi, deyiladi O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi ma’lumotida.

Monitoring jarayonida aniqlangan muvaffaqiyatlar bilan birga, kamchiliklar ham qayd etildi. Bu esa kelgusida ularni bartaraf etish, vokzallarni barcha uchun jismonan mos muhitga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining Toshkent shahar bo‘linmasi, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi, Nogironlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati va O‘zNNTMA Toshkent shahar hududiy bo‘linmalari ishtirok etdi.
Bu kabi jamoatchilik monitoringlari nogironligi bor fuqarolarning huquq va ehtiyojlari davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan qanday amalga oshirilayotganini baholashda muhim mezondir.
A.RUSTAMOV, O‘zA
- Qo'shildi: 29.07.2025
- Ko'rishlar: 202
- Chop etish