22 may – Xalqaro bioxilma-xillik kuni
Insonlarning bilib-bilmay tabiatga yetkazayotgan zarari hayvonlar, qushlar va turli o‘simliklarning kamayib, hatto butunlay yo‘qolib ketishiga sabab bo‘ladi. Bu esa atrof-muhitning bioxilma – xilligi buzilishiga olib keladi.
Xo‘sh, bioxilma-xillik nima? O‘zbekistonda bioxilma-xillikni ta’minlash maqsadida qanday ishlar olib borilyapti? Dastlab shu savolga javob izlasak.
Bioxilma-xillik deganda barcha hayot shakllari - o‘simliklar, hayvonlar, mikroorganizmlar, ularni tashkil etuvchi genlar va ular alohida komponentlar sifatida ifodalanadigan ekologik tizimlarning xilma-xilligi tushuniladi.
Afsuski, keyingi yillarda insonlarning tabiatga bo‘lgan salbiy munosabati tufayli o‘simliklar dunyosi, hayvonot hamda nabotot olamiga putur yetyapti.
Bioxilma-xillikning yo‘qolishi oziq-ovqat ta’minoti, dam olish va sayyohlik sanoati hamda yog‘och, dori-darmon va energiya manbalari uchun xavf tug‘diradi.
Olimlarning ta’kidlashicha, bugungi kunda yerning bioxilma-xilligi ham achinarli holatda. Sababi, biz yerda yoki ko‘kda bor narsalarni kesamiz, ovlaymiz va turli yo‘llar bilan iste’mol qilamiz. Bu bilan tabiat in’omlarining sonini kamaytiramiz va ba’zan turlarning yo‘q bo‘lib ketishiga sababchi bo‘lamiz. Hattoki eng mitti qushlarning ham tabiatga qo‘shadigan hissasi bor.
—Ularning foydali tomoni shundaki, qushlar mavsumiy ravishda ozuqa tarkibini o‘zgartirib turadi. Ya’ni, bahor mavsumida hasharotlar bilan oziqlanib, qishloq xo‘jaligi uchun zararli bo‘lgan hasharotlar sonini kamaytirishga xizmat qiladi, — deydi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti laboratoriya mudiri Nodirjon Azimov.
Tabiatdagi barcha tirik mavjudot bir-biriga zanjirdek bog‘langan. Shular orasida bittasi yo‘q bo‘lib ketsa, ozuqa zanjiri uziladi.
Olimlar noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simliklar turlarini asrash, ularni ko‘paytirish maqsadida izlanishlar olib bormoqda. Olimlarning bu boradagi izlanishlariga poytaxtimizdagi Botanika bog‘i asosiy manba sifatida ulkan hissa qo‘shmoqda.
—Bugungi kunda bog‘dan olimlar ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida foydalanib kelishadi, —deydi Toshkent Botanika bog‘i direktori Sodiqjon Abdunazarov. — Eng avvalo, e’tiborimizni yo‘qolib ketayotgan o‘simliklarni saqlab qolish, ularni muhofaza qilish, yaxshi o‘sadigan hududga ekish, kolleksiyalarimizni boyitish masalalariga qaratamiz. Undan tashqari, ekologik ta’lim-tarbiyada ham bog‘ning o‘rni katta.
Maktab o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan hamkorliklarimiz bor. O‘simliklar dunyosiga qiziqqan yoshlar shu yerga kelib o‘rganishadi, bilimlarini boyitib borishadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, tabiatga zarar yetkazish bioxilma-xillikning kamayib, hatto yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘ladi. Bioxilma-xillikning yo‘qolishi natijasida insoniyatning yashashi uchun resurs qolmaydi. Shunday ekan tabiatning har bir bo‘lagini asraylik.
Nigora Rahmonova,
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 22.05.2025
- Ko'rishlar: 787
- Chop etish