Yaponiyaning Osaka shahrida “Women in Tech Global Summit 2025” xalqaro sammiti bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 50 ta mamlakatidan 400 nafardan ortiq ishtirokchilarni birlashtirgan tadbirda texnologiyalar sohasida gender tengligi va xotin-qizlarning raqamli sektordagi ishtirokini kengaytirish masalalari asosiy mavzu bo‘ldi.
Mamlakatimiz delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova boshchilik qildi. “Women in Tech Uzbekistan” jamoasi yurtimizning raqamli transformatsiya yo‘nalishidagi yutuqlari hamda IT sohasida xotin-qizlarga teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan tashabbuslarni namoyish etdi.
Sammit doirasida ishtirokchilar “EXPO 2025” rasmiy dasturiga kiritilgan «Innovatsiyalar yo‘li» nomli O‘zbekiston milliy pavilonini ko‘rdilar. Mamlakatimiz vakillarining ushbu tadbirda AQSH, Germaniya, Fransiya kabi rivojlangan davlatlar qatorida ishtirok etishi O‘zbekistonning o‘sib borayotan innovatsion salohiyatining global darajadagi e’tirofi bo‘ldi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, 15 ta mamlakatdan 100 dan ziyod mehmonlarni bir joyda jamladi. Tashrif buyurganlar mamlakatimizning boy madaniy merosi va raqamli kelajakka bo‘lgan startegik qarashlari bilan tanishdilar.
Sammit doirasida Osaka bayonnomasi imzolandi. Hujjat hozirgi raqamli davrda gender tengligini ilgari surishga qaratilgan xalqaro tashabbus hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, tenglik va inklyuzivlik – mamlakatimiz raqamli kelajagining kaliti ekanligi ta’kidladi. Vazirlik “IT Park Uzbekistan” bilan hamkorlikda xotin-qizlarda raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarni texnologiyalar sohasiga yanada kengroq jalb qilish bo‘yicha qator dasturlarni amalga oshirmoqda.

“Women in Tech Uzbekistan” jamoasi ushbu yo‘nalishdagi samarali faoliyati uchun “Youth Engagement Award” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi. Mukofot mamlakatimizning texnologiyalar sohasida yoshlar yetakchiligini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi e’tirofi bo‘ldi.
— “Women in Tech Global Summit” da ishtirok etish xotin-qizlarning texnologiyalar sohasidagi o‘rnini kuchaytirish va O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Biz xotin-qizlarda zamonaviy raqamli ko‘nikmalarni shakllantirish bilan birga ularni mamlakatimiz iqtisodiyoti kelajagini barpo etishda faol ishtirok etishga rag‘batlantiramiz. “Youth Engagement Award” mukofoti sa’y-harakatlarimizning xalqaro e’tirofi va yangi mas’uliyatdir, - dedi Kamola Sobirova.
Sammit doirasida tashkil etilgan muhokamalar O‘zbekiston uchun xalqaro hamkorlik va qo‘shma tashabbuslar bo‘yicha yangi ufqlarni ochdi. Mamlakat xotin-qizlar va yosh innovatorlarga sarmoya kiritish orqali global raqamli taraqqiyotga hissa qo‘shadigan yangi yetakchilar avlodini shakllantirmoqda.

— O‘zbekiston misolida turli hayotiy tajribaga ega insonlar birgalikda inklyuziv va adolatli jamiyat barpo etayotganini ko‘rish mumkin. Yoshlarda hurmat, tenglik va insoniylik kabi fazilatlarni shakllantirish taraqqiyot sari tashlangan katta qadamdir, — dedi “Women in Tech Uzbekistan” direktori Anna Ambrozevich.
O‘zbekiston xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali yuqori texnologiyalar sohasida xalqaro maydondagi obro‘sini oshirmoqda. Mamlakatimizning sammitdagi ishtiroki barqaror va inklyuziv kelajak sari tashlangan navbatdagi qadam bo‘ldi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA
- Qo'shildi: 15.05.2025
- Ko'rishlar: 1112
- Chop etish