O‘zbekiston jamoasi Islom birdamligi o‘yinlarida nechanchi o‘rinda bormoqda?
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida davom etayotgan VI Islom birdamligi o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, Turkiya terma jamoasi 26 ta oltin, 6 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan 7 ta davlat orasida umumjamoada yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston sport delegatsiyasi 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan 2-o‘rinni band etib turibdi.
Sovrinli o‘rinlarga egalik qilishda shuningdek, Nigeriya, Qozog‘iston, Indoneziya, Ozarbayjon, Misr, Jazoir, Eron kabi 10 tadan ziyod davlat vakillari da’vogarlar qatoridan o‘rin egallagan.

Bugun, 10 noyabr kuni Islom birdamligi o‘yinlarida o‘tadigan suzish, dzyudo, boks, og‘ir atletika musobaqalarida 27 nafar sportchimiz Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Xususan, suzish bo‘yicha Osiyoxon Rejepova, Parizod Abdukarimova, Abdulazizbek Abdumajidov, Muhammadsodiq Maqsudov, Mahdiya Muxtorova, Muhammadislom Rahmonov yakkalik bahslarda, Eldorbek Usmonov, Roman Berkovich, Muhammadislom Rahmonov, Osiyoxon Rejepova, Parizod Abdukarimova juftlikda, dyudochilarimizdan Shahram Ahadov, Zamoxshari Bekmurodov, Shahzodxo‘ja Sharipov, Alisher Yusupov, Muzaffarbek To‘raboyev, Muhayyo Axmatova, Shukurjon Aminova, Xurshida Razzoqberdiyeva, Umida Nig‘matova, Irisxon Qurbonboyeva aralash jamoaviy dasturda, bokschilarimizdan Odinaxon Ismoilova, Xumorabonu Mamajonova, Abdulloh Madaminov, Madiyor Daniyorov o‘z vazn toifalaridagi final janglarida, og‘ir atletikachilarimizdan Shahnoza Haydarova va Sarvarbek Zafarjonov Islom birdamligi o‘yinlarining medallari uchun kurash olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, 21 noyabrga qadar davom etadigan Islom birdamligi o‘yinlarida mamlakatimizning 180 nafarga yaqin vakili 21 ta sport turida ishtirok etmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский