O‘zbekiston Prezidenti dunyo mamlakatlarini o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklikka chaqirdi

BMT Bosh qarorgohida Bosh Assambleyaning 80-sessiyasi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Bu nufuzli minbardagi chiqish O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini yuksaltirdi.

Yuridik fanlar doktori Sevara Zokirova shu haqda munosabat bildirdi:

– Prezidentimiz nutqining muhim jihati — milliy islohotlarning natijalarini xalqaro hamjamiyatga yetkazish va shu bilan birga, global kun tartibidagi masalalar bo‘yicha konstruktiv takliflar ilgari surilgani bo‘ldi. Mazkur nutq nafaqat siyosiy ahamiyatga, balki xalqaro huquq nuqtai nazaridan ham katta mazmunga ega. Unda qator huquqiy mexanizmlar, xalqaro shartnomalar va rezolyutsiyalar orqali amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan tashabbuslar ilgari surildi.

O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar keng yoritilar ekan, kambag‘allik darajasining keskin pasayishi, ta’lim sohasida qamrovning ko‘payishi va gender tenglik borasidagi tashabbuslar nafaqat ichki siyosiy islohotlar, balki xalqaro majburiyatlarni bajarishda ham muhim qadam bo‘lgani qayd etildi. 

Bu jarayonlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG-2030) bilan uyg‘un holda olib borilayotgani nutqning ilmiy jihatdan asoslanganidan dalolat beradi.

Markaziy Osiyodagi ijobiy o‘zgarishlarga alohida urg‘u berildi. Bir paytlar yopiq chegaralar va qarama-qarshiliklar hukm surgan mintaqa so‘nggi sakkiz yilda hamkorlik va integratsiya makoniga aylangani, savdo hajmi besh barobarga oshgani, transport va energetika loyihalari amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Bu jarayonlarning nazariy asosi regionalizm nazariyasidir. Unga ko‘ra, mintaqa davlatlari birgalikda harakat qilganda tashqi geosiyosiy ta’sirlarga chidamliroq bo‘ladi. O‘zbekistonning integratsiya jarayonlarida yetakchi rolini nutq yana bir bor tasdiqladi.

Global muammolarga O‘zbekiston taklif etgan ayrim yechimlarga to‘xtalsak. Prezidentning BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish haqidagi taklifi – global adolat talabidan kelib chiqqan deyish mumkin. Bu masala ilmiy jihatdan xalqaro tashkilotlar nazariyasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, uning samaradorligi keng va teng vakillikka tayanadi.

Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar, dengiz qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat-markazida bo‘lishi lozimligi va Suv forumini o‘tkazish tashabbusi xalqaro ekologiya huquqi doirasidagi dolzarb masalalardan biridir. 

Barqaror taraqqiyotni ta’minlash haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakatlar o‘rtasida raqamli rivojlanish va sun’iy intellektdan foydalanishda tengsizlikning oldini olish juda muhim ekaniga e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish taklif etildi. Sun’iy intellekt masalasi huquqshunoslar uchun ham yangi sinov hisoblanadi. Prezident taklif etgan “AI bo‘yicha xalqaro hamkorlik mexanizmi” ilmiy nuqtai nazardan global huquqiy standartlar yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Prezidenti yana bir ustuvor masalaga alohida to‘xtalib, ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi o‘sib kelayotgan yosh avlod qo‘lida ekani, yoshlarning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi olijanob g‘oyalarni singdirish dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi va “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifini ilgari surdi. 

Ushbu tashabbus global muammolar (iqlim o‘zgarishi, migratsiya, tengsizlik, raqamli transformatsiya) bo‘yicha yoshlar o‘z qarash va yechimlarini bildirishlari uchun maydon bo‘ladi va ularni faol global fuqaro sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi. O‘z navbatida, yoshlar diplomatiyasi xalqaro hamkorlikka yangi impuls beradi va ular qo‘lga kiritgan samarali natijalar barqaror rivojlanishga xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan so‘zlagan nutqi nafaqat siyosiy bayonot, balki xalqaro huquqiy yo‘nalishdagi amaliy dastur bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Undagi tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, O‘zbekistonning nufuzi va diplomatik salohiyati yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Amaliy natijalari nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqamiz va jahon hamjamiyati uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech