O‘zbekistonda erta nikohga oid taqiq kuchaytirildi
Ya’ni, endilikda voyaga yetmaganlarni nikohga da’vat etgan (qiziqtirgan) va uni targ‘ib qilganlarga jazo tayinlanadi
Oilaning muqaddasligi shundaki, bu maskanda farzand dunyoga kelib, kamol topadi. Ota-ona o‘zining halovatidan kechib bolasi uchun borini beradi.
Ammo, oilani faqat er va xotin ittifoqi, shu ikkisining ko‘ngilxushligi vositasi deb biladiganlar shaksiz adashadi. Zotan, ayolim yoqmay qoldi, xarakterimiz mos kelmadi, deb farzandlarni tirik yetim qilayotganlar bor va ular shu toifadandirlar.
Bu toifaga kiradiganlar ko‘pincha hali hayotga bo‘lgan qarashlari to‘liq shakllanmagan, kattalar ta’sirida erta nikohga kirayotganlardir. Bugungi kunda yurtimizda oilalar soni 10,2 milliondan ziyodni tashkil etadi. Biroq, afsuski, oilaviy ajrimlarda o‘sish kuzatilishi bilan bir qatorda, nikohlar soni ham sezilarli darajada kamaymoqda. Nikohlar tuzilishi 2023-yilda qariyb 284 mingtadan 2025-yil yakuniga kelib 267 mingga tushgan. Bu esa, so‘nggi o‘n yillikdagi eng past ko‘rsatkich bo‘lib qayd etildi.
Demak, ko‘rinib turibdiki, oilalarni asrash, nikohlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda erta nikohga yo‘l qo‘ymaslik dolzarb ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbarining 2026 yil 3 martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni shu maqsadda qabul qilindi.
Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari - iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov farmonning muhim jihatlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Farmonda erta nikohlarning oldini olish, ta’limda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ixtisoslashgan adliya tizimini yaratish va raqamli monitoringni yo‘lga qo‘yish kabi to‘rtta asosiy yo‘nalish belgilab berildi.
Xo‘sh, erta nikoh muammosini qanday hal qilish kerak? Bu maqsadga erishishda faqat taqiq va jazoga emas, balki iqtisodiy rag‘batga asoslangan innovatsion yondashuv farmonda aks etdi.
2027 yildan boshlab har ikkala taraf kamida
21 yoshga to‘lganda birinchi marotaba nikoh tuzganda imtiyozlar joriy etiladi. Ularga yosh oilalar uchun ijtimoiy reyestr asosida subsidiyalar 1,5 baravar oshiriladi. Nikoh shartnomasini tuzgan tomonlar davlat bojidan ozod etiladi.
Eng muhim yangiliklardan biri – voyaga yetmaganlarni nikohga da’vat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanganidir.
Bu yondashuv mohiyatan yoshlarning oila qurishdan oldin ta’lim olishini, kasb egallashini va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga davlat tomonidan beriladigan moliyaviy ko‘makning ifodasi hisoblanadi.
Ta’limga doir chora-tadbirlar ham alohida e’tiborga loyiq. 2026 - 2027 o‘quv yilidan boshlab homilador talaba-qizlar va 3 yoshgacha bolasi bo‘lgan onalar uchun “ikkinchi imkoniyat” mexanizmi joriy etiladi.
Ya’ni, ushbu sabablar bilan o‘qishdan chetlatilgan talabaga fanlar farqini o‘zlashtirish sharti bilan o‘qishini davom ettirishga ruxsat beriladi, akademik ta’til davrida esa masofaviy ta’lim imkoniyati yaratiladi.
Bu kabi o‘zgarishlar ayollar o‘rtasidagi ishsizlikni kamaytirish va inson kapitalini asrashda muhim rol o‘ynaydi. Sababi, ta’lim to‘xtab qolishi ko‘p hollarda ayolning butun hayoti davomida mehnat bozoridan chetda qolishiga olib keladi.
Jahon bankining mamlakatimizga oid 2024-yilgi Gender baholash hisobotiga ko‘ra, ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki ortishi yalpi ichki mahsulotni 29 foizga oshirishi mumkin. Bu yuqorida sanab o‘tilgan iqtisodiy rag‘bat modellarining strategik asosga ega ekanidan dalolat beradi.
Farmonning raqamli innovatsiyalarga oid qismiga nazar soladigan bo‘lsak, ikkita muhim mexanizmni ko‘rish mumkin. Birinchisi, “O‘smir-signal” modulidir. Unga ko‘ra, FHDYO organlari, mahalla, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari 16 yoshgacha bo‘lgan qizlarning homiladorligi yoki erta nikoh holatlari haqida zudlik bilan xabar berishga majburdir. Xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik, xabar berishni rag‘batlantirish uchun esa undirilgan jarima summasining 15 foizi yo‘naltirilishi belgilandi.
Bu mexanizm huquqshunoslikda “mandatory reporting”, ya’ni “majburiy hisobot berish” deb ataladigan institutning milliy modelidir. Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, AQSH va Skandinaviya davlatlarida bunday tizimlar bolalar himoyasi samaradorligini 40 foizga oshirgan.
Ikkinchisi – “my.ihma.uz” mobil ilovasi bo‘lib, u himoya orderi berilgan ayollarning telefonlariga o‘rnatiladigan SOS tugmasi hisoblanadi. Foydalanilganda jabrlanuvchining geolokatsiyasi zudlik bilan eng yaqin profilaktika inspektori va ijtimoiy xizmat xodimiga yuboriladi. Natijada jismoniy zo‘ravonlikning oldi olinadi.
Farmonda belgilangan yana bir tizimli o‘zgarish – bu ixtisoslashgan adliya korpusini takomillashtirish. 2027 yildan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ishlari faqat maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, ayol mutaxassislarga ustuvorlik beriladigan tergovchilar va sudyalar tomonidan ko‘riladi. Bu qaror xalqaro amaliyotda uzoq vaqtdan beri tasdiqlangan yondashuvga asoslangan.
Farmon, shuningdek, xotin-qizlarni aynan jinsi sababli qasddan o‘ldirish (femitsid), oila a’zolarini qasddan o‘ldirish (familitsid), shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy ta’qib qilish (stalking), internet yoki ijtimoiy tarmoqlarda sodir etiladigan zo‘ravonlik (kiberzo‘ravonlik), voyaga yetmagan shaxslardan jinsiy foydalanish hamda shu maqsadda internet orqali voyaga yetmagan shaxsning ishonchini qozonish (onlayn gruming) uchun xalqaro standartlar asosida jinoiy javobgarlik belgilash vazifasini yukladi.
Mazkur tushunchalarning milliy qonunchilikka kiritilishi jinoyatning ijtimoiy xavfliligini to‘g‘ri va aniq baholash, adolatli
va og‘irroq jazo qo‘llash imkonini beradi.
UNICEF va UNODC ma’lumotlariga ko‘ra, onlayn gruming holatlari dunyoda har yili 15-20 foizga ortib bormoqda. Bu tushunchalar milliy qonunchiligimiz uchun yangi bo‘lib, ularning kiritilishi mamlakatni xalqaro huquqning zamonaviy trendlariga moslashtiradi.
Aytib o‘tish kerakki, Human Rights Watch tashkilotining 2026-yil mart oyidagi hisobotida qayd etilishicha, zo‘ravonlik holatlarining 55 foizi hamon “yarashuv” taomillari tufayli sudgacha yetib bormaydi. Tabiiyki, bu aybdorni amalda jazosiz qoldirib, jabrlanuvchini takroriy zo‘ravonlik xavfi ostida qoldiradi. Demak, bu masala haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish, optimal yechimlar topish zarur.
Jahon bankining Women, Business and the Law (WBL) indeksida O‘zbekiston 2026 yilda 190 davlat orasida 48-o‘rinni egalladi va bu 2024 yildagi 91-o‘ringa nisbatan 43 pog‘onali o‘sishdir.
Ta’kidlash joizki, mazkur reytingning “Harakatlanish”, “Oila”, “Mehnatga haq to‘lash”, “Bolalar parvarishi” va “Aktivlar” ko‘rsatkichlari bo‘yicha maksimal 100/100 ball to‘plandi. Mehnat kodeksidagi kamsituvchi normalarning bekor qilinishi, teng mehnat uchun teng haq to‘lash tamoyilining joriy etilishi ushbu yutuqlarning huquqiy asosi bo‘ldi.
Jahon iqtisodiy forumining 2025 yilgi hisobotida mamlakatimiz ta’lim sohasida to‘liq tenglik qayd etildi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon O‘zbekistonda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasida tizimli va xalqaro standartlarga mos siyosat yuritilayotganining amaldagi ifodasi bo‘ldi. Faqat farmonda qo‘yilgan talablar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi kerak.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский