O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi o‘zbek tili darsligini chop etdi

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan ingliz tilida soddalashtirilgan uslubda o‘zbek tilini o‘rgatuvchi “Uzbek Language: Complete Self-Study Guide in 22 Lessons” nomli qo‘llanma chop etildi.

Muallif – elchixonaning madaniy masalalar bo‘yicha mas’ul xodimi Otabek Alimov.

Ingliz tilidagi nashr 400 nusxada chop etilgan bo‘lib, elchixona tomonidan ushbu kitob Misrdagi kutubxonalar, o‘zbek tilini o‘rganayotgan Qohira universiteti talabalari orasida tarqatilmoqda.

– Shuningdek, O‘zbekistonning boshqa davlatlardagi elchixonalari orqali o‘zbek tili o‘qitiladigan xorijiy universitetlarga ham yetkazish rejalashtirilgan, – deydi muallif.

Qayd etish joizki, mazkur qo‘llanma boshqa davlatlardagi o‘quvchilar uchun AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Polsha, Yaponiya va Avstraliyadagi AMAZON platformalarida (https://www.amazon.com/dp/B0F2MJ3SBC) ham elektron va bosma kitob shakllarida joylashtirilgan, “Google Books” va “Google Play” platformalarida (https://play.google.com/store/books/details?id=NoRQEQAAQBAJ) esa ilova shaklida topish mumkin. O‘zbek tilini kengroq yoyish maqsadida kitobga minimal narx belgilangan.

– Darslik rus tiliga ham tarjima qilinib, loyiha nusxasi “Uzbekskiy yazыk: Polnыy kurs za 22 uroka” nomi bilan LITRES platformasida (www.litres.ru/71903224/) elektron shaklda mavjud. Ushbu nusxalarni O‘zbekistonda ham chop etmoqchimiz, – deydi Otabek Alimov.

Qo‘llanma ayni kunlarda arab tiliga ham tarjima qilinmoqda.

Mazkur darslik xorijiy tillarni o‘rganish tajribasi va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mutaxassislari tavsiyalarini inobatga olgan holda tayyorlangan.

– Ma’lumki, xorijiy tilni o‘rgangan shaxs tegishli davlatga borganida rasmiy til va xalq qo‘llaydigan so‘zlashuv o‘rtasidagi farq tufayli ushbu tilni tushunishda qiyinchilikka uchraydi, – deydi kitob muallifi. –Shuni inobatga olib, o‘zbek tili shevalari va ularning farqlari izohlangan hamda adabiy tilga kiritilmagan, ammo og‘zaki nutqda keng foydalaniladigan o‘zlashma so‘zlar ham mazkur kitobga ilova qilingan.

Muallif xorijiy tilni she’r va qo‘shiqlardan foydalanib o‘rganish qulayligini inobatga olib, ommaviy qo‘shiqlar matnini kitobga kiritgan, ulardagi murakkab so‘zlarning izohli tarjimasi berilgan. 

Kitobda O‘zbekiston va uning qadimiy shaharlari, buyuk tarixiy shaxslari to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar ham mavjud.

Misrdagi o‘zbek tili o‘qitiladigan oliy o‘quv yurtlari talabalari yangi darslikdan mamnun ekanlarini bildirishmoqda.

Muhammadjon Obidov, O‘zA

Powered by GSpeech