Podkastlar zamonaviy jamiyatning raqamli ifodasi boʻla olyaptimi?

Keyingi yillarda mamlakatimiz media­sferasida sezilarli oʻzgarishlar sodir boʻldi: raqamli savodxonlik oshdi, internet tezligi yaxshilandi, eng asosiysi, jamiyatda yangicha, ochiq fikrlashga talab kuchaydi. Shu istaklar fonida oʻzbek tilidagi podkastlar paydo boʻla boshladi.

Qisqa vaqtda podkastlar ijtimoiy-madaniy muhitimizning ajralmas qismiga aylandi. Ular orqali hatto siyosiy jarayonlar ham endilikda kengroq auditoriyaga manzur uslubda yetkazilmoqda. Shu bois, bu fenomenni tahlil qilish, uning ijtimoiy-maʼnaviy, siyosiy va iqtisodiy taʼsirini baholash, bu jarayonda qanday imkoniyatlar va xatarlar borligini anglash biz uchun muhim masala boʻlib turibdi.

Har bitta yangilik mavjud ijtimoiy tuzilmalarni sinovdan oʻtkazadi

2005-yilda Apple kompaniyasi iTunes platformasida maxsus “Podcast” boʻlimini ochgach, dunyo boʻylab yuzlab yangi podkastlar paydo boʻla boshladi, Spotify, Yandeks Music, Google Podcasts, SoundCloud kabi boshqa platformalar ham oʻz xizmatlarini ishga tushirib, podkastlar yanada qulay va ommabop boʻlishiga hissa qoʻshdi. Bu davr mobaynida podkastlarni monetizatsiya qilish, reklama va homiylik mexanizmlari ham rivojlandi. Oʻzbekistonda podkastlar rivoji haqida rasmiy statistikamiz boʻlmasa-da, ularning ommaviylashuvi taxminan 2018-yilda bosh­langan deb hisoblash mumkin.

Har bir yangi ommaviy hodisa jamiyatga kirib kelganida, u avval hayrat uygʻotadi, keyin koʻnikish, nihoyat, savollar tugʻdiradi. Chunki yangilik — mavjud muvozanatni oʻzgartiruvchi kuch. U bor qadriyatlarni, ijtimoiy tuzilmalarni sinovdan oʻtkazadi. Masalan, internet taraqqiyoti axborot almashish va muloqotni osonlashtirdi. Ayni paytda feyk maʼlumotlar, ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik, shaxsiy hayot maxfiyligining buzilishi kabi muammolarni ham tugʻdirdi. Xuddi shunday, podkast­lar, sunʼiy intellekt, virtual taʼlim kabi innovatsiya­lar ijtimoiy hayotni yengillashtirdi, ammo odamlarning tafakkur tarzi hamda ruhiy holatiga asta-sekinlik bilan taʼsir qila boshladi. Natijada turli koʻngilochar kontentlar, yengil fikrlashga undovchi axborotlar, qisqa va yuzaki tahlillarga asoslangan mediamahsulotlar keragidan ortiq koʻpayib ketdi. Bu esa chuqur fikr yuritishga, tarixiy va falsafiy tafakkurga zaruratni kamaytirdi, jamiyat texnologik tamaddun orqali kirib kelgan axloqiy siljishlarni ham istab-istamay qabul qilib bordi.

Nega boshqalarning fikriga ergashmaslik kerak?

Asosan, YouTube platformasiga yuklanib borilayotgan oʻnlab mavzudagi podkastlarni zamonaviy jamiyatimizning raqamli ­ifodasi, oʻz fikrini bildirish madaniyatining yangi shakli deyman-u, aksariyati tugal xulosaga ega emasligidan hafsalam pir boʻladi, gʻoyaga suyanishdan, shovqin va “hayp”ga suyanishni afzal bilganlarini koʻrib, ensam qotadi. Koʻruvchilarning koʻpi esa eshitganini sintez qilmay, umumhaqiqat sifatida qabul qiladi. Bu shaxsiy fikrga ega boʻlish masʼuliyatini yoʻqotadi.

Odam oʻz fikriga ega boʻlishi uchun, avvalo, boshqa fikrlardan ozod boʻlishi kerak. Hozirgi zamon kishisi begona ijtimoiy impulslar tomonidan shakllantirilgan dunyoqarash bilan harakat qilyapti. “Bugatti” salonidan turib shangʻillayotgan chala psixologning mantiqsiz gaplari, eriga ikkinchi xotin sovgʻa qilayotgan bloger, sayohatda yurgan tanishi, ilmiy maʼlumotlar, reklama, shunchaki estetik foto — qisqa vaqt ichida u oʻzi kutmagan ulkan taʼsir oʻtkazuvchilar ichida qolib ketdi. Xuddi bir oʻtirishda 20 xil taom, 10 xil ichimlikni tatib koʻrganday. Dofaminning tartibsiz, foyda bermaydigan yoʻllar bilan qondirilishi isteʼmolchilarni haddan tashqari dangasa qilib qoʻydi. Minglab fikrlar qurshovida oʻz nuqtayi nazarini yoʻqotgan erinchoq odam, shubhasiz, tomoq tomirlari boʻrtib nutq irod etayotgan ilmi haminqadar notiqning qarashlariga osongina ergashib ketadi. Fikrga ergashish esa, afsuski, fikrlashni bildirmaydi.

Keling, mavzuga doir bir ijtimoiy eksperimentni koʻrib chiqsak: 1963-yil amerikalik psixolog Stenli Milgrem odamlarning buyruqqa boʻysunuvchanlik darajasini oʻrganish uchun Yel universiteti talabalari bilan tajriba oʻtkazadi. Bu eksperiment paydo boʻlishiga asosiy sabab Ikkinchi jahon urushidan keyin yuzaga kelgan bir savol edi: “Biz kabi oddiy odamlar qanday qilib noinsoniy buyruqlarni soʻzsiz bajara olgan?”. Bu savol, ayniqsa, natsistlarning sudda “men faqat buyruqni bajardim”, degan javobi ortidan dolzarb boʻlib qolgandi.

Shunday qilib, Milgrem tajribasi uchta asosiy ishtirokchidan iborat edi:

1. Eksperimentator (oq xalat kiygan obroʻli shaxs) — kuch timsoli;

2. Muallim (koʻngilli ishtirokchi) — taj­ribaning asosiy obyekti;

3. Talaba (aktyor) — “jazo oluvchi” rolidagi inson.

Eksperimentator “muallim”ga elektr stulda oʻtirgan “talaba”ga savol berishi lozim ekanini, har bir notoʻgʻri javob uchun talabani tok bilan jazolashi kerakligini uqtiradi. Undan tashqari, muallim tok darajasini 15 voltdan 450 voltga qadar koʻtarib borishi ham shart boʻladi. Aslida, stulda hech qanday tok yoʻq — bu faqat aktyorga yuklangan rol edi, xolos. Lekin buni faqat eksperimentator bilardi.

Tajriba qoidasi boʻyicha har gal talaba notoʻgʻri javob berganida, dastlab xoʻrsinadi, keyin yigʻlaydi, baqiradi, oxirida bu ishni qilmaslikni muallimdan oʻtinib soʻraydi. ­Muallim bu holatni koʻra turib, tok beruvchi tugmani bosishda davom etadimi, yoʻqmi — mana shu qaror tajribaning mohiyati edi.

Eksperimentdan oldin Milgremga psixologlar faqat telbalargina 450 voltgacha koʻtarib, azoblashi mumkin, ishtirokchilarning 95 foizi bundan bosh tortadi, deydi. Biroq natija butunlay boshqacha chiqadi: qatnashuvchilarning 65 foizi, yaʼni har 3 kishidan

2 nafari ich-ichidan buni xohlamay norozilik bildirsa-da, pinagini buzmagan eksperimentatorning tajriba davom etishi kerak degan qatʼiy soʻzlariga boʻysunib, tokni eng yuqori kuchlanishgacha koʻtaradi.

Milgrem tajribasi bizning jamiyatda faqat qabih kimsalar jirkanch ishlarga qoʻl uradi, degan joʻn tasavvurimizni butunlay inkor etib, boshqalardan farq qilmaydigan, yetarlicha aqlli, hatto koʻngilchan inson ham, agar u fikrlashni toʻxtatsa, zoʻravonlikka sherik boʻlishi mumkinligini isbotlagan. Aynan shuning uchun fikrlash, tahlil qilish — zamonaviy dunyoda axloqiy masʼuliyatning asosi.

Hamma gap yangilikda emas, yangilikka boʻlgan munosabatda

Davlatimizda milliy kontentni rivoj­lantirishga katta eʼtibor berish boshlandi. Imkoniyatdan ruhlanib, yangi avlod kontentmeykerlari siyosiy savodxonlik, fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy fikrlash, mediamaʼrifatni shakllantirayotgani ham quvonarli.

Faqatgina tinglovchi eʼtiborini jalb qilishga qaratilgan, mazmunsiz podkastlar erkin platforma xususiyatining tabiiy oqibati, ularni butkul yoʻq qilib boʻlmaydi. Biroq ayni paytda bu maydonda sifatli, saviyali kontent yaratishga bel bogʻlagan, masʼuliyatli mualliflar soni ham ortib boryapti. Shuning uchun podkastlarni bir yoqlama baholash notoʻgʻri, bugun bu formatda chin maʼnodagi jurnalistik yondashuv asosidagi kuchli loyihalar paydo boʻlmoqda.

Podkastlar nafaqat madaniy yoki ijti­moiy, balki siyosiy tomondan ham muhim ahamiyat kasb etyapti. Ular oddiy fuqarolarga siyosiy jarayonlarni tushunishga yordam beradigan, islohotlar mohiyatini ochib beradigan, muhokama qilish va bahslashish madaniyatini shakllantiradigan vositaga aylanyapti. Ayniqsa, siyosiy yetakchilar, deputatlar, mustaqil tahlilchilar ishtirokidagi epizodlar orqali muhim mavzular muhokamasi ommaga yaqinlashmoqda. Bu esa shaffoflikni kuchaytiradi, ishonchni oshiradi, eng muhimi, fuqaroni befarqlikdan chiqarib, faollikka undaydi.

Iqtisodiy taraflama ham podkastlar yangi, hozircha tartibga solinmagan audioindustriyani shakllantiryapti. Raqamli iqtisodiyot uchun bu juda foydali signal: yirik kompaniyalar oʻz mahsulotlarini aynan podkastlar orqali targʻib qilmoqda, mikroinflyuyenserlar esa auditoriyasini monetizatsiya qilishda podkast formatidan unumli foydalanyapti. Bu esa kichik tadbirkorlikning yangi segmentini yaratadi.

Shu bilan birga, moliyaviy savodxonlik past boʻlgan jamiyatda podkastlar orqali notoʻgʻri investitsion maslahatlar, aldovga asoslangan marketing yondashuvlari keng tarqalish xavfi mavjud. Shu bois, oʻzimiz uchun foydali deb bilgan baʼzi podkastlarni siz, oʻqirmanlarga tavsiya etishni lozim bildik. Quyidagi podkastlarda koʻplab soha mutaxassislarining mulohazalari, hayotiy tajribasi va real yechimlari aks etgan. Ular orqali siz nafaqat yangi bilimlarga ega boʻlasiz, balki dunyoqarashingiz va qarorlaringizda ham ijobiy taʼsir sezasiz.

“Oʻzbekistonlik.Podcast”

Xalqaro miqyosda muvaffaqiyat qozonib kelayotgan oʻzbekistonliklarni bir yerga jamlash maqsadida yaratilgan global platforma — Uzbekistanʼs club ijodiy jamoasi oʻtgan yili “Uzum” milliy raqamli ekotizimi homiyligida yangi “Oʻzbekistonlik.Podcast” loyihasiga start berdi. Ushbu kontent orqali chet elda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning muvaffaqiyat sirlari, malakalari va hikoyalaridan nafaqat video, balki audiopodkastlar shaklida ham bahramand boʻlasiz.

“Biznestan”

“Locals Central Asia” agentligining loyi­hasi 2021-yilda Oʻzbekistondagi birinchi tor ixtisoslashgan podkastlardan biriga aylandi. Unda Markaziy Osiyoga xos biznes kontentni yaratish maqsadi koʻzlangani sababli studiya­ning mehmonlari sifatida koʻpincha yirik tadbirkorlar, biznes, marketing, AT, PR soha egalari, davlat organi vakillari taklif qilingan. Boshlovchilar bilan suhbat chogʻida mehmonlar oʻziga yaqin narsalar haqida ochiq gaplashib, biznes uchun muhim sanalgan shaxsiy brend, ekspatlar oqimi, bloging va startaplarga doir mavzularni muhokama qilgan. Keyingi bir necha oy ichida kanal yangilanmagan, ammo yuklangan mavzular mintaqamizda ishbilarmonlik kontenti uchun qimmatli ensiklopediya boʻlib qolmoqda. Kanal mahsulotini Yandeks.Music, Apple Podcasts, Spotify kabi audiomaydonchalardan ham topsa boʻladi.

“Qurultoy”

Mintaqamizning boy tarixi haqida ekspert darajasida va kreativ shaklda yuritilayotgan ilmiy-ommabop podkast. Nodir Nishonov va Eldor Asanov studiyaga tarixchi, tilshunos, musiqachi hamda adabiyotshunoslar, etnograf va faylasuflarni taklif qiladi. Davrada koʻtariladigan mavzular murakkab tuyulsa-da, mehmonlarning suhbatga tez kirishib ketishi tanish haqiqatlarni mutlaqo yangi tomondan ochib beradi. Kanalda joylangan 70 ga yaqin mavzu orasida jadidlar, Markaziy Osiyo numizmatikasi, maqomning hududiy xususiyatlari, oʻtmish va bugungi suv muammolariga doir suhbatlar, ayniqsa, qiziqarli.

“Sigma Podkast”

Loyiha ilmiy-ommabop yoʻnalishdan oʻsib chiqqani uchun studiyaga astrofizik, geolog yoki moda olami mutaxassisi tashrif buyurishi mumkin. Umuman olganda, bu yerda hamma narsa haqida atroflicha gaplashiladi. Eng yaxshi kitoblar roʻyxati, qora tuynuklar, yadro energetikasi muhokamasidan to oʻzbek filmi kelajagi, rep yoki kibersportga qadar. Kanal texnik mavzularga ixtisoslashgan “Texnoplov” loyihasi mualliflari tomonidan ochilgan.

“Tasvir”

Fotograf Muhiddin Alining yaqindan ­boshlab yoʻlga qoʻyilgan “Tasvir” podkastining navbatdagi sonida sport fotografiyasining tajribali vakili, fotograf Anvar Elyosov mehmon boʻlgan. Podkast davomida hozirgi yoshlarning kasbga munosabati, ustoz-shogird masalasi, fotografiya rivoji nimalarga bogʻliq ekani, yosh fotograflarning kamchiliklari haqida gap boradi. Bu yerdan chinakam sanʼat fidoyilarini topasiz.

“Piyoda gurung”

Arxitektura va shahar infratuzilmasi hanuz konflikt bahslarni keltirib chiqaruvchi sohalardan biri. Poytaxtimizda yangi binolar qad rostlamoqda. Qurilishlar qayerdadir juda yaxshi oʻylangan boʻlsa, qay bir hududda yashashga yaroqsiz holda. Urbanist Iskandar Soliyev oʻzining “Piyoda Gurung” podkastida shaharsozlik boʻyicha ilmga ega odamlarni birgalikda sayrga taklif qilib, shu mavzular borasida samimiy suhbat quradi.

“1844 Podcast”

Oʻtgan yili iyun oyida fotograf Elyor Neʼmat “1844 Podcast” nomli yangi loyihaga qoʻl urdi. Teatr, kino va umuman, madaniyat sohasidagi diskurslarga bagʻishlangan podkastlar seriyasining ilk epizodida oʻziga xos sahnasi va moddiy tayanchga ega boʻlmay turib koʻpchilik qalbidan joy olib kelayotgan Oʻrta Osiyodagi eng kichkina va eng jonli “Shamsi Qamar” teatri haqida gap boradi.

“1000 kitob podkast”

Ushbu ajoyib loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi, jahonda mashhur boʻlgan kitoblarni oʻzbek tiliga tarjima qilish hamda shu orqali ularni zamonaviy ilm-fanning soʻnggi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirib borish tizimini yoʻlga qoʻyishdan iborat.

Qisqa qilib aytganda, yuqoridagi har bir podkast — oʻzini, boshqani, jamiyatni tushunishga boʻlgan urinish. Undagi fikrlar noodatiy, hikoyalar ohorli, savollar tinglovchining ongida qimirlaydi, mulohazaga undaydi, tinchini buzadi, tasalli beradi. Asosiysi, qotib qolgan ongni harakatga keltiradi.

Podkastlar kabi yangiliklarning demokratik jamiyatga kirib kelishi muqarrar. Bu jarayonni toʻxtatib boʻlmaydi, biroq unga tayyor boʻlish, uni tushunish, ijobiy jihatlarini ajratib olish, zararli tomonlarini esa bartaraf etish har bir fuqaro hamda ijtimoiy institutning vazifasidir. Agar yangiliklar faqat isteʼmol qilinadigan narsa sifatida qabul qilinaversa, jamiyat passiv holatga tushib qoladi. Aksincha boʻlsa, undan foydali energiya chiqarib olinadi va u shubhasiz, taraqqiyotga xizmat qiladi.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech