Prezident nutqi dunyoni tinchlik, taraqqiyot va barqarorlik sari chorladi

Munosabat

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘zlangan nutq nafaqat mamlakatning tashqi siyosiy ustuvor yo‘nalishlarini, balki global va mintaqaviy muammolarga munosabatini ham aks ettirdi.

Davlatimiz rahbarining chiqishi jahon hamjamiyatiga Yangi O‘zbekiston konsepsiyasini aniq tashabbuslar bilan taqdim etdi. Qolaversa, ushbu nutq O‘zbekistonning xalqaro maydondagi roli, mintaqaviy yetakchilik salohiyati va insonparvarlik siyosatining muhim ko‘rsatkichi sifatida ham e’tiborga loyiq.

Jumladan, Prezidentimiz o‘z nutqining boshida xalqaro tashkilotlar ta’sirining susayishi, qarama-qarshilik va urushlar ko‘payishi, ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlikning kuchayishi kabi global muammolarga to‘xtalib, dunyodagi xavotirli geosiyosiy voqeliklarga faqat muloqot va hamkorlik orqali javob berish zarurligini ta’kidladi. Shu bois, BMT faoliyatini tubdan isloh qilish va uning mexanizmlarini zamonaviy tahdidlarga moslashtirish zarurligini qayd etdi.

Ayniqsa, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish bo‘yicha bildirilgan taklif dunyo davlatlarining teng huquqliligi va manfaatlarini inobatga olishga da’vat sifatida qabul qilindi.

Shuningdek, Prezident nutqida mamlakat ichida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham fikr yuritilib, kambag‘allik darajasining 35 foizdan 6,6 foizgacha kamayishi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan o‘zgarishlar, “yashil” energetika va texnologik sanoatga bo‘lgan investitsiyalarning ortishi bularning barchasi O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning amaliy natijalari sifatida taqdim etildi.

Prezidentimiz nutqidagi eng muhim jihatlardan yana biri Markaziy Osiyodagi o‘zgarishlar tahlilidir. Bugungi kunda mintaqada chegaralarning ochilishi, savdo va sarmoya oqimining keskin ortishi, transport loyihalarining amalga oshirilishi bularning barchasi mintaqaviy integratsiyaning samarali mexanizmi mavjudligini isbotlaydi.

Markaziy Osiyoning xalqaro siyosatda mustaqil sub’ekt sifatida shakllanishi, mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlik muhitining kuchayishi O‘zbekistonning tinchlikparvar tashqi siyosatining natijasi ekani ta’kidlandi.

Prezident nutqida Orol muammosi, suv resurslarining taqchilligi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash masalalari alohida o‘rin oldi. O‘zbekistonning Orolbo‘yida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilishi, “yashil makon” loyihasi va 2030 yilgacha 80 foiz hududda yashil qoplamalar yaratish rejasi barchasi ekologik barqarorlikka sodiqlikni ko‘rsatadi.

Qolaversa, suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazish tashabbusi va iqlim migratsiyasiga qarshi Global Pakt qabul qilish taklifi O‘zbekistonning global ekologik hududlarda ham faol ishtirokchi ekanligini ko‘rsatadi.

Yoshlar mavzusini ham nutqning yana bir muhim yo‘nalishi deyish mumkin. Xususan, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” tashabbusi orqali O‘zbekiston yosh avlod ongida gumanizm va tinchlik g‘oyalarini qaror toptirishni maqsad qilmoqda. Bu tashabbus BMT shafeligida yoshlarni xalqaro jarayonlarga keng jalb qilishni nazarda tutadi.

Islom ma’rifati, bag‘rikenglik va ma’naviy meros masalalaridagi faollik Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi va Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi allomalarning merosi BMT miqyosida taqdim etilishi O‘zbekistonning ma’naviy diplomatiyadagi yutuqlaridir.

Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol, mas’uliyatli va tashabbuskor davlat sifatidagi imijini yanada mustahkamladi. Nutq global muammolarga ziddiyat emas, balki hamjihatlik va hamkorlik yo‘li bilan yondashishga chaqirdi.

Shuningdek, tashrif doirasida BMT sessiyasida ishtirok etayotgan bir qator davlat rahbarlari hamda yetakchi xalqaro tashkilotlar vakillari bilan o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar hamda erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari rivoji uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. 

 Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 

Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA

Powered by GSpeech