O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi majlisida “Ma’muriy sudlar tomonidan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini qo‘llash to‘g‘risida” prenum qarori muhokama qilindi.
Oliy sud raisi B.Islomov mazkur hujjat davlatimiz rahbarining 2025 yil 30 yanvardagi “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilganini qayd etdi.
Sudlarga rahbariy tushuntirish berishga qaratilgan mazkur qarorda ma’muriy sudlar tomonidan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish masalasi qamrab olingan.
Tahlillar ma’muriy sudlarda sud qarorlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishga oid ko‘rilgan arizalar soni yildan-yilga ortib borayotganini ko‘rsatgan. Jumladan, 2021 yilda bunday arizalar 396 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 573 taga yetgan.

Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksda yangi ochilgan holatlar bo‘yicha sud hujjatlarini qayta ko‘rishning 4 ta asosi ko‘rsatilgan. Lekin bu bo‘yicha aniq tushuntirishlar yo‘qligi sababli kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishda sudlarda turli xil amaliyot shakllangan.
Shundan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan qarorda yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqishga tushuntirish berilgan. Agar faktik holatlar sud hujjati qabul qilinganidan so‘ng vujudga kelgan bo‘lsa, bu holat sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish uchun asos bo‘la olmasligi, balki yangi ariza (shikoyat) bilan murojaat etish uchun asos bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Kodeksda sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki prokuror tomonidan berilishi belgilangan. Shunga ko‘ra, qarorda bunday ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasi ko‘rsatildi. Unga ko‘ra, taraflar (ularning huquqiy vorislari), uchinchi shaxslar (ularning huquqiy vorislari), prokuror, davlat organlari va boshqa shaxslar o‘z zimmalariga yuklatilgan vakolatlarga ko‘ra qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish haqida sudga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanliklari haqida tushuntirish berildi.

Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini yangi ochilgan holat bo‘yicha sudga murojaat qilish muddati yuzasidan ham amaliyotda ayrim nomuvofiqliklar mavjud edi. Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksdagi bir oylik muddat ichida ariza berilishi, o‘tkazib yuborilgan muddat ariza bilan murojaat qilgan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha, agar iltimosnoma qayta ko‘rish uchun asos bo‘ladigan holatlar ochilgan kundan e’tiboran olti oydan kechiktirmay berilgan bo‘lsa va sud muddatni o‘tkazib yuborish sabablarini uzrli deb tan olsa, sud tomonidan tiklanishi mumkinligi ham qarorda o‘z aksini topdi.
Bundan tashqari, qonunchilikning takomillashuvidan kelib chiqib, ayrim plenum qarorlari matnlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi Oliy sud plenumining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi.
Sudyalar, Bosh prokuror, Konstitutsiyaviy sud, Advokatlar palatasi va Sudyalar assotsiatsiyasi raislari, Ombudsman, Bolalar ombudsmani hamda Sudyalar oliy kengashi, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, olimlar, jurnalistlar ishtirok etgan majlis yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 30.04.2025
- Ko'rishlar: 31
- Chop etish