Readmissiya qilingan fuqarolarga ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmaydi

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq endilikda readmissiya qilingan fuqarolarga ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmaydi.

Bu Vazirlar Mahkamasining joriy yil 13 maydagi “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan, shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuziga va obro‘-e’tiboriga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarga doir ma’lumotlar Migratsiya jarayonlariga doir ma’lumotlarning yagona elektron bazasi orqali yuritiladi. 

Yagona ma’lumotlar bazasiga elektron reyestr sifatida quyidagilar kiritiladi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalaridan olingan ma’lumotlar kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan xalqaro shartnomalarga muvofiq readmissiya qilingan shaxslar haqidagi ma’lumotlar hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va uning xorijdagi vakolatxonalaridan (vakillaridan) olingan ma’lumotlar kiritiladi.  

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4079-son qarori bilan tasdiqlangan "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom"ga muvofiq ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmaydi.  

Bunda readmissiya qilingan fuqarolarga chet elga chiqishi uchun biometrik pasporti rasmiylashtirib beriladigan istisno holatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, readmissiya qilingan shaxslar — O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasidagi xalqaro kelishuvlar asosida, o‘z ixtiyori bilan yoki majburiy ravishda O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar sanaladi.  

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA

Powered by GSpeech