Senat qo‘mitasida bolalar, yoshlar, xotin-qizlar bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi

“O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasi muhokamasi davom etmoqda. Unda ijtimoiy sohaga oid qator muhim maqsadlar belgilangan.

Xususan, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni tarbiyalashda 100 foiz muqobil shakllarni joriy etish, “Ayollar daftari” orqali kambag‘allikdan chiqarilgan xotin-qizlar ulushini 70 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Tadbirkor ayollarga ehtiyojmand xotin-qizlarni biriktirish orqali ular kasbga va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishish hamda 100 ming nafar xotin-qizning imkoniyatlarini oshirish kabi vazifalar ham belgilangan. 

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi. Madaniyat va sport sohalarida ham keng ko‘lamli rejalar belgilangani qayd etildi. Jumladan, madaniy meros ob’ektlarini saqlash uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘larni 30 foizga oshirish, 2,5 ming arxeologik ashyoni davlat katalogiga kiritish, 1,1 million muzey ashyosini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasini 15 foizdan 11 foizga tushirish, 2030 yilga qadar sanoat sohasini rivojlantirish hisobiga qo‘shimcha 400 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash choralari nazarda tutilgan.

Majlis davomida Strategiya loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Senatning tegishli qarori asosida voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilindi.

Tahlil natijasida ayrim masalalar to‘liq yechimini topmagani ma’lum bo‘ldi. Xususan, doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan yoki daromadi aniqlanmagan aliment to‘lovchilardan aliment undirish tartibini takomillashtirish, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan to‘lab berilgan mablag‘larni qarzdorlardan undirish, shuningdek, “Bolalarga aliment undirish va oilani ta’minlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi to‘g‘risida”gi Gaaga konvensiyasiga qo‘shilish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi. Ma’lum qilinganidek, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash, xotin-qizlarning iqtisodiy hamda ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 15 normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmog‘i avvalgi yillarga nisbatan 2 barobarga oshirilib, 27 foizga yetgan.

Ochiq gender ma’lumotlari indeksida O‘zbekiston eng yaxshi 20 ta davlat qatoriga kirgan. Gender tenglik va boshqaruv indeksida esa mamlakatimiz o‘z o‘rnini 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarib, 51 pog‘onaga yaxshilagan.

Majlisda davlat xizmatida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, NNTlar salohiyatini oshirish, gender siyosatini amalga oshirishda ular ishtirokini kengaytirish, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Majlis doirasida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan hukumatga kiritilgan takliflarning kelgusidagi ijrosini ta’minlash yuzasidan atroflicha va tanqidiy muhokama o‘tkazilib, aniq vazifalar belgilandi.

N.Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech