Faqat davlat xizmatchilarini ulardan so‘ramagan holda rasm, videoga olish va uni tarqatish mumkin bo‘ladi
Adliya vazirligi tomonidan “Shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Hayot Qilichev mazkur loyiha mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi:
– Loyiha kishilarning shaxsiy daxlsizlik huquqi himoyasini kuchaytirish va o‘z tasviriga bo‘lgan huquqlarini mustahkamlash maqsadida ishlab chiqildi.
Loyihani ishlab chiqishga oxirgi 3 yilda shaxsga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish, shaxsiy hayot daxlsizligini buzishga oid ma’muriy huquqbuzarlik 2,5 baravar, bu boradagi jinoyat ishlari salkam 40 foizga oshgani sabab bo‘ldi.
Xususan, shaxslar to‘liq yoki qisman yalang‘och bo‘ladigan joylarda ham kuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda va ayrim hollarda undagi tasvirlar internetda tarqatilmoqda.
Masalan, do‘konlarning kiyim almashtirish xonalari, hammomlar, yotoqxonalar, ayrim tibbiyot xonalarida (masalan, “UZI” tekshiruvi uchun mo‘ljallangan) o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari ko‘plab e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda.
Bu singari holatlarning oldini olish uchun Adliya vazirligi tomonidan amaldagi milliy qonunchilik va 30 ga yaqin xorijiy davlat, jumladan, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH tajribasi o‘rganilib, Fuqarolik, Mehnat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Loyiha bilan umumiy qoida tariqasida, har qanday kishining foto yoki video tasviridan foydalanish uchun uning roziligi talab qilinishi, agar shaxs 16 yoshdan kichik bo‘lsa, uning ota-onasi rozilik berishi tartibini o‘rnatish taklif etilmoqda.
Quyidagi holatlarda esa tasvirdan foydalanish uchun hech qanday rozilik talab qilinmaydi: tasvirdagi kishiga nisbatan qidiruv e’lon qilishda; jamoat joylarida, ommaviy tadbirlarda kishini shaxsni tasvirga olishda; ma’muriy huquqbuzarlik, jinoyat haqida xabar berishda; tasvir uning egasi tomonidan hamma foydalana oladigan ochiq manbalarga, aytaylik, Internetga joylashtirilgan bo‘lsa; jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida videokuzatuv tizimlari orqali shaxslarni tasvirga olishda.
Shu bilan birga, davlat xizmatchilarini ularning roziligisiz tasvirga olish mumkinligi belgilanmoqda. Ya’ni, o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan davlat xizmatchilarini ulardan so‘ramagan holda rasm, videoga olish va uni tarqatish mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, kishilar qisman yoki to‘liq kiyimsiz bo‘ladigan joylarda videokuzatuv kameralarini o‘rnatish va shaxslarni tasvirga olish taqiqlanmoqda.
Jamoat joylarida videokuzatuv tizimlari o‘rnatilsa, bu haqda aniq va barchaga tushunarli ogohlantiruvchi belgi o‘rnatilishi shart.
Qonunni qo‘llash turli talqinga sabab bo‘lmasligi uchun jamoat joyi tushunchasiga ta’rif berilmoqda. Mehnat kodeksida xodimni tasvirga olish, ushbu tasvirlardan foydalanish uchun xodimni oldindan ogohlantirish va roziligini olish tartibi belgilanmoqda.
Loyiha bilan shaxsiy va oilaviy sirlarni tashkil etuvchi axborotni to‘plash yoki tarqatish maqsadida axborotni yashirincha olishga mo‘ljallangan texnika vositalaridan foydalanish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ushbu normani kiritish zarurati shundaki, mehmonxonalar, yotoqxonalarga yashirin kameralar o‘rnatilib, kishilarning haddan tashqari shaxsiy sirlarini ularning roziligisiz va xabarisiz to‘plash hollari kuzatilmoqda.
Loyiha aholining fikr va mulohazalari asosida takomiliga yetkazilib, yuqori turuvchi organlarga kiritiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 23.05.2025
- Ko'rishlar: 730
- Chop etish