Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda davlat siyosatining ochiqligi va shaffofligi sezilarli darajada oshirilgani, soʻz erkinligi kafolatlari mustahkamlanayotgani, ommaviy axborot vositalarining mustaqil va professional rivojlanishi uchun sharoitlar yaratilayotgani taʼkidlandi.
Suhbat chogʻida 13-14-noyabr kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan YXHTning “Xabardor va barqaror jamiyatlar uchun ommaviy axborot vositalarining hayotiyligini taʼminlash” mavzusidagi 25-Markaziy Osiyo media konferensiyasiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston bunday nufuzli mintaqaviy platformaga mezbonlik qilayotgani mamlakatimizning soʻz erkinligi va media muhitini rivojlantirish borasidagi yutuqlarining eʼtirofi ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Konferensiya ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar faoliyati hamda media sohasi iqtisodiy asoslarining barqarorligini, jamiyatni ishonchli va tasdiqlangan maʼlumotlar bilan taʼminlash masalalarini batafsil muhokama qilishga qaratilgan.
Amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, strategik kommunikatsiyalar, mediasavodxonlik va faktchekingni rivojlantirish, Oʻzbekistonda xorijiy va xalqaro ommaviy axborot vositalari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish haqida maʼlumot berdim. Dezinformatsiyaga qarshi kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
«Shuningdek, hamkorlik istiqbollari – tajriba almashish, jurnalistlar malakasini oshirish, qoʻshma treninglar va taʼlim dasturlarini oʻtkazish, YXHT yetakchi ekspertlarining Oʻzbekistondagi tadbirlarda ishtirok etishi yuzasidan fikr almashdik.
Ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanimizni taʼkidladik», — deydi Sherzod Asadov oʻzining telegram kanalida.
Ўзбекча
English
Русский