Senatning oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Senatorlar tomonidan ushbu Qonunni qabul qilish zaruratiga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, bu ijro hujjatlarini elektron tarzda shakllantirish, ular bo‘yicha pul mablag‘larini avtomatlashtirilgan tarzda taqsimlash va undiruvchiga davlat ijrochisining aralashuvisiz o‘tkazish imkonining mavjud emasligi, fuqarolardan qarzdorlik uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad miqdorining belgilanmaganligi, davlat ijrochilarida ijro harakatlarini amalga oshirishda mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanish huquqining mavjud emasligi, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga belgilangan maʼmuriy jazolarning sodir etilgan qilmishga mutanosib emasligi bilan izohlanadi.
Muhokama jarayonida shu kabi masalalarni tartibga solishga qaratilgan mazkur Qonun senatorlar tomonidan ijobiy baholandi. Qonunda undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini va undiruvchi yuridik shaxsning soliq to‘lovchi identifikatsiya raqamini ijro hujjatida ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, mazkur hujjatda qarzdor jismoniy shaxslarning banklardagi yoki boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida hamda omonatlarida turgan yoki saqlashga qo‘yilgan pul mablag‘lariga undiruv qaratilishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari miqdorini aniqlashda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yarmi miqdoridagi pul mablag‘lari hisobga olinib, ularga nisbatan undiruv qaratilmasligi mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, davlat ijrochisining ijro harakatlarini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun bilan Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish bilan bog‘liq qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunning yana bir ahamiyatli jihati. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 1982-moddasida ayrim turdagi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun nazarda tutilgan jarimalar miqdorlari oshirilmoqda.
Senatorlar tomonidan ushbu Qonun fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilini kamaytirishga, majburiy ijro etish tizimini yana-da takomillashtirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 29.04.2025
- Ko'rishlar: 121
- Chop etish