Yangilangan aeroportda eng zamonaviy qulayliklar bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Mamlakat ravnaq topib, jozibadorligi oshgani sari tashqi aloqalar, investitsiyalar oqimi ko‘payib boradi. Shunday iqtisodiy o‘sish sur’atini inobatga olib, yurtimizda transportning barcha tarmoqlari rivojlantirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, yana ishbilarmonlik aloqalari jadallashishiga sharoit yaratmoqda.

Jumladan, “Toshkent-Sharqiy” aeroporti ham qayta qurilmoqda. Avvalo, 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda yuqori martabali mehmonlar hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda. 

Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Yopiq angarlarda samolyotlar soz va xavfsiz saqlanishi uchun zamonaviy sharoitlar ta’minlanadi.

Eng muhimi, qulay joylashuvi bilan aeroport poytaxtimiz va Yangi Toshkent shahri uchun istiqbolli bandargoh, Toshkent viloyatining turizm salohiyatida qo‘shimcha afzallik bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari aeroportning texnik imkoniyatlari, terminallarning dizayniga oid taqdimot bilan tanishdi. Qurilishni jadallashtirish, investorlarga sharoit yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

O‘zA

Powered by GSpeech