Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan “Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash” tashabbusi doirasida beshta yangi fuqarolik jamiyati loyihasi ishga tushirilgani ma’lum qilindi. Bu haqda YeIning mamlakatimizdagi elchisi Toyvo Klaar quyidagicha fikr bildirdi:
– Keyingi yillarda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik har tomonlama rivojlanib bormoqda. Bugun YeI tomonidan moliyalashtirilayotgan beshta yangi fuqarolik jamiyati tashabbusining ishga tushirilishi ham bunga yorqin misoldir. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati taxminan uch million yevroni tashkil etadi. Mazkur tashabbuslar ishonch, hamkorlik va aloqalarni mustahkamlash maqsadini ham ko‘zda tutadi. Chunki fuqarolik jamiyati tashkilotlari O‘zbekistonning islohotlar yo‘lining muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. YeI esa fuqarolik jamiyatini demokratiya va farovonlikning asosiy ustuni, deb biladi.
Bu loyihalar fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash, inson huquqlarini himoya qilish va raqamli huquqlar sohasida yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan bo‘lib, turli xalqaro va mahalliy tashkilotlar hamkorligida tatbiq etiladi. Ularni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va boshqa hududlarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xususan, "O‘zbekistonda ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishda fuqarolik jamiyatini kuchaytirish" loyihasi ACTED xalqaro tashkiloti tomonidan “Oq yelkan” ijtimoiy himoya va ta’lim markazi, Qashqadaryo viloyati “Yuksalish” axborot va maslahat-resurs markazi hamda “NIHOL” NNT markazi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Shuningdek, "Inson huquqlarini tatbiq qilish, ta’lim va huquqiy rivojlanishni kuchaytirish" loyihasi Xalqaro yuristlar komissiyasi (ICJ) va Strategiyani rivojlantirish markazi hamkorligida yo‘lga qo‘yiladi. "Inson huquqlari amalda: yoshlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan birgalikda o‘zgarishlar uchun harakat" loyihasini esa “Deutscher Volkshochschul-Verband e.V.” (DVV) va “Barqaror hayot” xalqaro ijtimoiy-ma’rifiy markazi bilan birga hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) va Qozog‘istondagi Huquqiy siyosat tadqiqot markazi hamkorligida "O‘zbekistonda raqamli huquqlar va media tashabbusi" loyihasi amalga oshiriladi. Bundan tashqari, “O‘zbekistonda inklyuziv jamiyat taraqqiyoti uchun fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi Konrad Adenauer fondi (Konrad-Adenauer-Stiftung – KAS) tomonidan “Yuksalish” harakati bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu loyihalar O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, inson huquqlarining himoya qilinishi va raqamli sohadagi qonunchilikni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamlardir. E’tiborlisi, biz O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.
- Qo'shildi: 29.04.2025
- Ko'rishlar: 132
- Chop etish