Uy hujjatlarini onlayn tekshirish imkoni yaratildi

Bugungi kunda qurilish bozorida faoliyat yuritayotgan ayrim nomuvofiq tashkilotlar tufayli fuqarolarning uy-joy xaridi bilan bog‘liq shikoyatlari ko‘paymoqda. Hech kimga sir emas, hali foydalanishga topshirilmagan yoki hujjatlari rasmiylashmagan uylardan xonadon sotib olib, ko‘plab odamlar moddiy va huquqiy talafot ko‘rmoqda.

Endi fuqarolar bunday holatlardan ehtiyot bo‘lishi uchun uyning hujjatlari va qurilish tashkilotining ishonchliligini onlayn tarzda tekshirish imkoniyati yaratildi.

Yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uydan xonadon sotib olmoqchi bo‘lganlar endi “Shaffof qurilish” axborot tizimi — nazorat.mc.uz  orqali qurilish tashkilotlari haqidagi rasmiy ma’lumotlarni bilib olishlari mumkin.

Mazkur platforma Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilishda davlat nazorati axborot tizimi hisoblanadi. U orqali qurilish sohasidagi pudrat tashkilotlarining litsenziyasi, amalga oshirgan loyihalari, foydalanishga topshirilgan ob’ektlar soni hamda davlat nazoratidan o‘tgan-o‘tmagani haqidagi ma’lumotlar ochiq tarzda taqdim etiladi.

Bu tizimdan foydalanishda qurilish tashkiloti nomini yoki litsenziya raqamini nazorat.mc.uz  saytiga kiritasiz. Tizim sizga kompaniya haqidagi ma’lumotni — uning faoliyati, tajribasi va amalga oshirilayotgan loyihalarini ko‘rsatadi.

Agar ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa yoki nomuvofiqlik aniqlansa, bunday kompaniya bilan shartnoma tuzish tavsiya etilmaydi.

Bu tizim fuqarolarni ishonchsiz qurilish kompaniyalaridan himoya qiladi. Bozorda shaffoflik va raqobatni ta’minlaydi. Qurilish sifatini nazorat qilishga xizmat qiladi.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA

Powered by GSpeech