Varshava metrosida kutubxona ochildi

Varshava metrosida yo‘lovchilarni smartfondan chalg‘itish maqsadida “ekspress kutubxona” ochildi.
Shu hafta poytaxtning Targuvek tumani M2 yo‘nalishidagi "Kondratowicza" bekatida ishga tushgan zamonaviy "Metroteka" hududida kattalar va bolalar uchun ikki alohida mutolaa maydoni, shuningdek ommaviy o‘qish va tadbirlar uchun joy tayyorlangan.

150 kvadrat metr maydonda 16 000 ga yaqin kitob mavjud. Kitobxonlar uchun biror asarni maxsus chip yordamida "ekspress" kassadan olish va shu tartibda yoki tashqarida joylashgan 24 soatlik kitob tushirish qutisi orqali qaytarish imkoni yaratilgan.

Tashrif buyuruvchilar umumiy maydonda o‘qishi yoki ishlashi, internet uchun noutbukni ijaraga olishi, bepul qahva yoki issiq shokoladdan bahramand bo‘lishi mumkin.

 

Majmua tarkibida turli xonaki gullar o‘stirilgan bog‘ ham bor.

Ekspress kutubxonada birinchi kunning o‘zidayoq 400 dan ko‘p kitob, jumladan o‘quv adabiyoti, sayohat bo‘yicha qo‘llanma va boshqa turdagi adabiyot namunalari tarqatildi.

Polsha Milliy kutubxonasi tomonidan o‘tkaziladigan yillik so‘rov shuni ko‘rsatdiki, oxirgi yilda respondentlarning atigi 41 foizi kamida bitta kitob o‘qigan. Bu o‘tgan asr 90-yillari oxiri va 2000-yillar boshiga nisbatan 50 foiz past ko‘rsatkich. Zero, hozir odamlar asosan televizor yoki telefonga suyanib qolgan.

M.Pirmatova, O‘zA

Powered by GSpeech