Vena shahrida “Yosh xotin-qizlar tinchlik uchun: Markaziy Osiyo xotin-qizlarining imkoniyatlarini kengaytirish” tashabbusi (YW4P) yakuniy sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) delegatsiyalari hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari a’zolari qatorida Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova ham ishtirok etdi.
Tadbirda xotin-qizlarning mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va jamiyatda xotin-qizlarning roli haqida ma’ruzalar eshitildi. Ishtirokchilar YW4P tashabbusining dolzarb yo‘nalishlari va natijalarini atroflicha muhokama qildi.

Davlat va xalqaro tashkilotlar tomonidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy bazani takomillashtirish va moliyaviy yordam ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O.Qozixonova O‘zbekistonda xotin-qizlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, mamlakatimizda 2022 yilda “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” milliy harakat rejasi tasdiqlangani, Gender komissiyasi tuzilgani, mahallalarda esa 9,4 mingdan ortiq ayollar faoli va yoshlar yetakchisi lavozimlari joriy etilgani qayd etildi.
Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida har yili ko‘plab xotin-qizlar rahbarlikka tayyorlanmoqda. Ayni vaqtda rahbarlik lavozimlarida ularning ulushi 35 foizga yetgan.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari davlatlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida mustahkam hamkorlikni rivojlantirish va YW4P tashabbusini yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 25.09.2025
- Ko'rishlar: 185
- Chop etish