Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotni kengaytirish va Falastin ma’muriyatiga qarshi siyosiy bosimni kuchaytirish rejasi xalqaro hamjamiyatda keskin norozilik uyg‘otmoqda. Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Bosh vazir Binyamin Netanyaxudan Falastin ma’muriyati (PA)ni ag‘darish bo‘yicha “tezkor chora ko‘rish”ni so‘ramoqda. Mulozim bu qarorini Prezident Mahmud Abbosning Qurolsiz Falastin davlati tuzish tashabbusiga javoban e’lon qilgan. Abbos so‘nggi chiqishlarida G‘azo sektorini ham o‘z ichiga olgan mustaqil davlat uchun saylovga tayyorgarlik ketayotganini aytdi. Bu bayonotlar Yevropa va boshqa mintaqalardagi o‘nlab mamlakatlar Falastin davlatini tan olish sari qadam qo‘yayotgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda.
Ben-Gvirning falastinliklarga nisbatan irqchilikka asoslangan keskin qarashi avval ham Isroil ichi va tashqarisida ko‘p bor bahs-munozara keltirib chiqargan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ogohlantirganidek, G‘azoni to‘liq egallash fikri mintaqa tarixida “yana bir fojiaviy bob” ochishi mumkin. Uning yordamchisi Miroslav Yencha Tashkilot Xavfsizlik Kengashidagi chiqishida ayni qaror ikki milliondan ziyod begunoh aholi hayotiga bevosita xavf tug‘dirishini aytdi.

Isroil matbuoti yozishicha, reja doirasida 2025 yil 7 oktyabrgacha G‘azo shahridan 800 mingga yaqin odamni ko‘chirish ko‘zda tutilgan.
Yencha esa sektorda allaqachon “tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajadagi gumanitar falokat” kuzatilmoqda va bu reja amalga oshsa, yanada og‘ir oqibat yuzaga keladi. U Xalqaro sudning 2024 yil 19 iyuldagi maslahat xulosasini eslatib, Isroil Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga to‘sqinlik qilmasligi lozimligini ta’kidladi.
Isroil harbiylari hujumi davom etarkan, gumanitar tashkilotlar va ommaviy axborot vositalariga qaratilgan zarbalar ham kuchaymoqda. Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy G‘azoda jurnalistlarga uyushtirilgan so‘nggi hujumni “qasdli havo zarbasi” sifatida keskin qoraladi. Falastinlik sobiq futbol yulduzi Sulaymon Al-Ubayd va Al Jazira telekanali ikki muxbiri G‘azodagi Al-Shifo tibbiy muassasi yaqinidagi matbuot chodiriga berilgan zarba tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, shu tariqa mojaro davomida halok bo‘lgan hamkasblarimiz soni 237 nafarga yetdi.
BMT maxsus ma’ruzachisi Fransesko Albaneze xalqaro sport tashkilotlariga Isroil jamoalarini musobaqalardan chetlatish chaqirig‘ini yo‘lladi. U “sport genotsiddan xoli bo‘lishi kerak” deya ta’kidladi. Xalqaro hamjamiyat vakillari va huquq himoyachilari Isroilning kengaytirilgan harbiy rejasini bekor qilish, zudlik bilan doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo aholisi uyiga qaytishini ta’minlashga chaqirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA
- Qo'shildi: 12.08.2025
- Ko'rishlar: 38
- Chop etish