Xato fikr: Iqlim inqirozi menga taalluqli emas…
Iqlim o‘zgarishidan, deyarli, hamma tashvishda. Afsuski, ko‘pchilik bu xavf o‘ziga emas, boshqalarga ko‘proq ta’sir qiladi, deb o‘ylaydi. Mutaxassislar fikricha, aynan shu xato fikr iqlim inqiroziga qarshi kurashni sekinlashtirayotgan asosiy omillardan biri bo‘lishi mumkin.
Shvetsiyaning Gyoteborg universiteti olimlari 17 davlatda o‘tkazilgan 83 tadqiqotni tahlil qilib, 70 000 dan ortiq fikrni o‘rgandi. Natija insonlarning 65 foizi iqlim o‘zgarishi oqibati o‘ziga kamroq, boshqalarga ko‘proq zarar yetkazadi, deb o‘ylayotganini ko‘rsatdi.

Ayni holat ayniqsa ko‘hna qit’ada yaqqol ko‘zga tashlangan. Qit’a global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobar tez isib borayotganiga qaramay, ko‘plab yevropaliklar xavfni hamon jiddiy his qilmayapti. Oqibatda kuchli issiq to‘lqini, toshqin va bo‘ron tobora ko‘payib, milliardlab yevrolik zararni yuzaga keltirmoqda, minglab odamlar hayotiga zomin bo‘lmoqda.
Ta’kidlanishicha, kishi o‘zini “umumiy jamiyat” bilan solishtirganda, xavfni kam ko‘radi. Ya’ni, “insoniyat aziyat chekadi, men emas” degan yondashuv ustun keladi. Bu esa shaxsiy harakatga salbiy ta’sir etadi— energiyani tejash, ekologik turmush tarzini tanlash yoki iqlim siyosatini qo‘llab-quvvatlashga nisbatan rag‘batni susaytiradi.

Qiziq jihati shundaki, Xitoy va Janubiy Koreyadagi fermerlar orasida “bu menga taalluqli emas” mazmunidagi fikr deyarli uchramagan. Demak, shaxsiy tajriba iqlim xavfini yorqinroq anglash imkonini beradi.
Mutaxassislar ogohlantirishicha, agar iqlim o‘zgarishi “boshqalar muammosi” sifatida qabul qilinaversa, moslashuv va oldini olish chorasi kechikadi. Muammo esa tobora kuchaymoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский