Yangi O‘zbekiston va global arena: ta’lim va tarbiya siyosatida strategik shakllanish

MUNOSABAT

Dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Global raqobat, ijtimoiy tarkibdagi o‘zgarishlar, texnologiyalar taraqqiyoti va ekologik xavf-xatarlar barcha davlatlarni ilm va ma’rifatga asoslangan siyosat yuritishga chorlamoqda. Bunday sharoitda ta’lim va tarbiya nafaqat milliy taraqqiyotning, balki xalqaro barqarorlikning ham asosiy omiliga aylanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 23 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi ana shu masalalarga bag‘ishlanib, ta’lim va tarbiyani milliy va xalqaro siyosatning markaziy yo‘nalishi sifatida belgiladi. Prezidentning ushbu nutqi orqali O‘zbekiston o‘zining xalqaro sahnadagi o‘rnini nafaqat geosiyosiy, balki ma’rifiy yetakchi sifatida ham namoyon etdi.

Prezident nutqida keltirilgan raqamlar mamlakatdagi islohotlarning samarasini yaqqol ko‘rsatadi: kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha kamaytirildi, maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizgacha, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 42 foizgacha oshirildi. Bu raqamlar ortida izchil, aniq maqsadli va strategik yondashuvlar mujassam. Kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, birinchi navbatda, aholi uchun teng imkoniyatlar yaratish, ta’lim va kasb-hunar sohalariga investitsiya kiritishga qaratilgan.

O‘zbekiston ta’lim sohasiga katta sarmoya kiritmoqda. 2023 yilda davlat byudjeti hisobidan ta’limga ajratilgan mablag‘lar YAIMning taxminan 5,47 foizini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yuqori bo‘lgani holda, bilim va inson kapitaliga investitsiya kiritish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini anglatadi.

Mamlakatda maktabgacha ta’lim sohasida ham muhim yutuqlarga erishildi. BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-2023 yillar davomida maktabgacha ta’limni rivojlantirish strategiyasi doirasida viloyatlar o‘rtasidagi farq kamaytirilib, infratuzilmalar kengaytirildi. Bu, o‘z navbatida, ta’limga teng foydalanish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Oliy ta’lim qamrovining 9 foizdan 42 foizgacha oshishi faqatgina bilimga bo‘lgan ehtiyoj emas, balki bozordagi talabning o‘zgarishini ham aks ettiradi. Ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlik mustahkamlanib, kasbiy yetuk kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, ta’limga sarmoya kelajakka yo‘naltirilgan eng samarali investitsiya hisoblanadi. Har bir ajratilgan mablag‘ inson kapitali, ilm-fan rivoji, innovatsion texnologiyalar, eksport salohiyati va xalqaro raqobatbardoshlikka xizmat qiladi.

Prezident o‘z nutqida ta’lim sohasini xalqaro standartlar va dasturlar bilan integratsiya qilish zarurligini alohida ta’kidladi. Xususan, kasb-hunar ta’limi tizimida Cambridge, IB, A-Level kabi xalqaro dasturlarni joriy etish, talabalarni xalqaro va ichki bozorga mos ravishda tayyorlash ko‘zda tutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, yoshlarga xalqaro akademik mobillikda, ilmiy-tadqiqot va ta’lim dasturlarida faol ishtirok etish imkonini yaratadi.

Bunday islohotlar natijasida O‘zbekiston ta’lim sohasidagi «magnit» davlatga aylanish sari qat’iy qadam tashlamoqda. Yangi O‘zbekiston universiteti kabi ta’lim muassasalari, ingliz tilida ta’lim berish amaliyoti, jahon universitetlari bilan hamkorlikdagi dasturlar barchasi global ta’lim fazosiga integratsiyalashuvning yorqin namunasidir.

Bundan tashqari, ma’lumotlar bazasi va elektron statistika tizimlarini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Samarali siyosat aniq va ishonchli ma’lumotlarga asoslanishi kerak. Bu, o‘z navbatida, ta’lim siyosatining ilmiy tahlilga asoslangan holda shakllanishiga xizmat qiladi.

Prezident nutqida ta’lim bilan birga global muammolarga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekotizimlarni tiklash, mintaqaviy integratsiya, gender tengligi va yoshlar siyosatini rivojlantirish — bularning barchasi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘undir. Bu O‘zbekistonning xalqaro miqyosda mas’uliyatli ishtirokchi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston boshqa davlatlarga ham muhim signal yo‘llamoqda: rivojlanish yo‘lida ma’rifiy va tarbiyaviy omillar chetda qolmasligi kerak. Mafkura va ma’rifat – bu strategik resurslardir. O‘zbekiston bu borada nafaqat o‘rganuvchi, balki boshqa mamlakatlarga yo‘l ko‘rsatuvchi faol yetakchi sifatida o‘zini namoyon etmoqda.

Hozirgi global siyosiy sharoitda mintaqaviy hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan transport koridorlari, savdo yo‘laklari, logistika loyihalari va integratsiyaviy tashabbuslar mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish bilan birga, xalqaro strategik hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi O‘zbekistonning ta’lim va tarbiya sohasidagi strategik qarashlarini xalqaro maydonda e’lon qilgan muhim voqeadir. Bu O‘zbekistonni jahon hamjamiyatida bilim va ma’rifat yo‘lidagi faol hamda yetakchi davlat sifatida namoyon etishga xizmat qiladi.

Agar ta’limni strategik resurs sifatida qabul qilsak, tarbiyani milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirsak, O‘zbekiston nafaqat rivojlanuvchi mamlakat, balki xalqaro maydonda namuna bo‘la oladigan davlatga aylanadi.

Shahnoza Akramova, professor

O‘zA

Powered by GSpeech