30 aprel – Xalq irodasi namoyon bo‘lgan kun
Kishilik jamiyati paydo bo‘lgandan buyon, o‘zining uzoq yillik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Insonlar o‘rtasidagi munosabatlar ibtidoiy jamoa tuzumi davrida urf-odatlarga asoslangan bo‘lsa, keyinchalik, davlatni paydo bo‘lishi bilan o‘zaro munosabatlar ma’lum bir qonunlar asosida tartibga solinadigan bo‘ldi.
Farangistonlik faylasuf Sharl-lui Monteskyo: “Erkinlik – xohlagancha ish tutish, degani emas. Erkinlik qonun yo‘l qo‘ygan har qanday ishni bajarish huquqi bilan belgilanadi. Agar fuqaro qonunda taqiqlangan ishga qo‘l ursa, erkinlikdan marhum bo‘ladi” deganining o‘zi, bundan olti yuz yil avval jamiyatni ilg‘or kishilari tomonidan, nafaqat davlat boshqaruvi, balki, insonlarning erkinligi, o‘zaro munosabatlari ham qonunlar asosiga qurilishi kerak, degan g‘oya ilgari surilganligini ko‘rsatadi. Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, insoniyat taraqqiyot davri yakunida uning eng muhim yutug‘i jamiyat va davlat ishlarini qonunlar bilan boshqarish kerak degan xulosaga kelinganligidadir. Demak, Konstitutsiya (lotincha “constitutio” – “tuzulish”, “o‘rnatish”) hujjatini yaratilishi aynan jamiyat taraqqiyotining mahsuli va insoniyat tomonidan davlat boshqaruvida qonun ustuvorligini ta’minlashga bo‘lgan ehtiyoj samarasidir.
Darhaqiqat, fikrimizni dalili sifatida bugungi kunda ko‘pchilik davlatlar tomonidan o‘z Konstitutsiyasiga andoza qilib olgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Konstitutsiyasini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Chunki, AQSH Konstitutsiyasi dastlab qabul qilinganda, uning vazifasi davlat hokimiyati vakolatlarini taqsimlash, ya’ni, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini joriy qilish va shu asosda davlat hokimiyatini ma’lum bir ma’noda cheklash orqali inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdan iborat bo‘lgan. Ya’ni, Amerika Konstitutsiyasi dastlab qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati bo‘linishi prinsipini tadbiq etish, shuningdek, federatsiya va uning sub’ektlarining vakolatlarini belgilashdan iborat bo‘lgan. E’tibor bering, bugun dunyoda klassik konstitutsionalizmga asos bo‘lgan AQSH Konstitutsiyasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, demokratik jamiyat barpo etish haqida deyarli so‘z yuritilmagan. Amerika Konstitutsiyasi inson huquqlariga zid bo‘lgan qonunlarni qabul qilish mumkin emasligi haqida mamlakat vakillik organi - Kongressga qat’iy vazifa yuklagan. Biroq, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan normalar, AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asosan kiritilgan. Dunyodagi “eng kichik va o‘zgarmas” Konstitutsiya nomini olgan Amerika Konstitutsiyasiga 27 marotaba tuzatishlar kiritilgan. Bundan ko‘rinadiki, Konstitutsiya hujjati bu o‘zgarmas, qotib qolgan hujjat emas, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi bu mamlakat taraqqiyoti, uning tarixiy rivojlanish bosqichlari bilan uzviy bog‘liqdir. Aynan shuning uchun ham AQSH Konstitutsiyasida unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tartibi alohida qoidada belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishgandan so‘ng, 1992 yil 8 dekabr kuni o‘zining mustaqil Konstitutsiyasini qabul qildi. Qariyib 30 yil davomida mustaqil davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy asoslarini mustahkamlab bergan Bosh Qomusimiz muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat bo‘lgan edi.
Mazkur Konstitutsiya 2023 yil 30 aprel kuni umumxalq referendumi asosida yangi tahrirda qabul qilingunga qadar milliy davlatchiligimizning asosiy tamal toshi - yagona Qonun hujjati sifatida mamlakatimiz taraqqiyotida muhim rol o‘ynadi.
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonning dunyo tamaddunida mustahkam o‘rin egallashi va mamlakat tararqqiyotini yangi bosqichga chiqish extiyoji O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zaruratini kun tartibiga olib chiqdi.
Mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni ko‘rib, ko‘rmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi bo‘lmaydi. Shu bois, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak. Hozirgi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib bo‘lmaydigan xavf-xatarlarni yengib o‘tishga qodir bo‘lgan milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlashimiz zarur” edi. Zamonning o‘zi oldimizga qo‘ygan ushbu vazifa Yangi O‘zbekistonning yangilagan Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilishni ta’qozo etdi. Eng muhimi, xalqimiz ham Yangi O‘zbekistonning kelgusidagi taraqqiyotini ta’minlashga qodir bo‘lgan Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini qalbdan his etayotgan edi.
Mamlakatimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni yoqlab ovoz bergani ham yuqoridagi fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi. Yangilangan Konstitutsiyamizdagi moddalar 128 tadan 155 taga, uning normalari esa, 275 tadan 434 taga oshdi. Asosiy Qonun 65 foizga yangilanib, 6 bo‘lim, 27 bob, 155 ta moddadan iborat bo‘ldi. Eng muhimi, yangilangan Konstitutsiyada xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topdi.
Shu o‘rinda, yangilangan Konstitutsiyani eng muhim jihatlariga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
E’tirof etish joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada huquqiy davlat prinsipini amalga oshirishga qaratilgan mexanizmlar hamda ularning kafolatlari mustahkamlandi.
Birinchidan, avvalgidan farqli o‘laroq, Konstitutsiya mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega ekanligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi hamda yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qo‘yildi. Natijada davlat organlari, xususan, sudlar o‘z faoliyatini amalga oshirish davomida Konstitutsiya moddalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilgan holda qarorlar qabul qilish huquqi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.
Ikkinchidan, inson huquq va erkinliklari xalqaro huquq va Konstitutsiya normalariga asoslangan holda mustahkamlanib, ular qonunchilik va davlat organlari faoliyati amalga oshirilishining mazmun-mohiyatini belgilashi kafolatlandi. Shunday qilib, davlatning insonga nisbatan huquqiy ta’sir doirasi qonunlarda belgilab qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun yetarli va ularga muvofiq bo‘lishi shartligi hamda fuqarolar va davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha muammolar va tushunmovchiliklarni fuqarolar foydasiga talqin qilinishi mustahkamlandi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Konstitutsiyamizni yangi tahrirda qabul qilinishi bilan mamlakatimizda, avvalo, siyosiy barqarorlik hamda osoyishtalikni mustahkamlashga, fuqarolik jamiyatini barpo etishga, inson huquqlari va erkinliklarini to‘laqonli himoya qilishga, jamiyatimiz rivoji va xalqimiz farovonligini ta’minlashga mustahkam huquqiy asos yaratildi.
Yangilangan Konstitutsiyaning yana bir muhim nuqtasiga e’tibor qaratsak. Bizning fikrimizcha, avvalgi Bosh qomus (1992 yil 8 dekabrdagi tahriri 93-moddasi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga – fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafili, vazifasini yuklagan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan esa, mamlakat Prezidentiga – “fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘radi” mazmundagi juda ulkan va katta mas’uliyat yuklatildi.
Hech mubolag‘asiz aytish mumkin, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirishga hamda davlat va fuqarolik jamiyatining rivojlanishi uchun mustahkam asos bo‘lib yana uzoq yillar xizmat qiladi.
2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilinishi esa, xalqimiz tafakkuri va huquqiy ongi rivoj topganganligi, eng muhimi, ertangi kunga bo‘lgan qat’iy ishonchining amaldagi tantanasi bo‘ldi.
ABDUMANNOB RAXIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, yuridik fanlar nomzodi.
O‘zA
- Qo'shildi: 29.04.2025
- Ko'rishlar: 134
- Chop etish