Mamlakatimizda turli tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etish, bundan jabr ko‘rgan shaxslarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini tiklash, ularga ko‘mak ko‘rsatish borasida muhim sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Endilikda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarni himoya qilish, ularga sifatli va tezkor ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini mustahkamlashning huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda. Xususan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, unda bir qator muhim normalar o‘z aksini topmoqda.

Jumladan, Fuqarolik protsessual kodeksiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha sud tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlarda majburiy tartibda prokurorning ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, birlamchi ko‘mak xonalariga yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar uchun bank kartasini tiklash soddalashtirilyapti.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilindi. Fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalariga hamohang bo‘lgan qonun loyihasi bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi. Shuningdek, bir qator aniqlashtiruvchi savollarni ko‘tardi. Qonun loyihasining qabul qilinishi zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarni himoya qilishga, ularning sifatli ijtimoiy xizmat olishiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 10.06.2025
- Ko'rishlar: 443
- Chop etish