30-iyul kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi sifatida "Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha maslahat xulosalari – davlatlar javobgarligining huquqiy asosi: Inson huquqlari bo‘yicha Amerika davlatlararo sudining iqlim favqulodda holati va inson huquqlari to‘g‘risidagi xulosasi" mavzusidagi xalqaro vebinarda ishtirok etdi.
Tadbir Singapur Milliy universitetining Xalqaro huquq markazi (NUS Centre for International Law) tomonidan tashkil etildi. Unda xalqaro huquq va inson huquqlari sohasidagi yetakchi mutaxassislar qatnashdi.
Vebinar Inson huquqlari bo‘yicha Amerika davlatlararo sudi va BMT Xalqaro sudining iqlim o‘zgarishi sharoitida davlatlarning majburiyatlari bo‘yicha yaqinda qabul qilingan maslahat xulosalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi. Muhokama davomida ta’kidlanganidek, ushbu qarorlar har bir insonning musaffo, sog‘lom va barqaror atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini mustahkamlaydi, davlatlarning iqlimga zarar yetkazishning oldini olish, xususiy subyektlar faoliyatini tartibga solish majburiyatini tasdiqlaydi hamda zarar ko‘rgan davlatlar va xalqlar uchun javobgarlik va zararni qoplashning xalqaro mexanizmlarini shakllantirish uchun asos yaratadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2025-yil mamlakatda Atrof-muhitni muhofaza qilish va "yashil" iqtisodiyot yili deb e’lon qilingani O‘zbekistonning global iqlim kun tartibiga sodiqligini aks ettiradi.
Vebinarni Singapur Milliy universitetining Xalqaro huquq markazig katta ilmiy xodimi Daniel You ochdi va boshqardi.
Asosiy ma’ruzachilar qatorida Singapur Milliy universitetining Xalqaro huquq markazi direktori doktor Nilufer Oral, Fransiyaning Eks-Marsel universiteti professori Elen Tigruja, Singapur Milliy universitetining katta ilmiy xodimi doktor Xaralambos Jiannakopulos, “ClientEarth” tashkilotining huquqiy maslahatchisi Elizabet Vu va Chili Tashqi ishlar vazirligining Inson huquqlarini himoya qilishning ko‘p tomonlama tizimlari va ikki tomonlama munosabatlar departamenti rahbari Katalina Fernandes Karter so‘zga chiqdi.
A.Saidov xalqaro tajriba almashish va inson huquqlarini global iqlim kun tartibiga integratsiya qilish yondashuvlarini mustahkamlashga hissa qo‘shadigan bunday muhim tadbirda ishtirok etish imkoniyati yaratilgani uchun vebinar tashkilotchilariga, ayniqsa, professor Elen Tigrujaga minnatdorchilik bildirdi.
Ushbu vebinarda ishtirok etish global iqlim muammolari sharoitida inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va bu borada xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishda muhim qadam hisoblanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.07.2025
- Ko'rishlar: 320
- Chop etish