Joriy yilning 21-aprel kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda senatorlar, mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari raislari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, ekspertlar, qonun tashabbuskorlari, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Senatorlar taʼkidlaganidek, bugungi kunda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish borasida qator muammolar mavjud.
Xususan, ijro hujjati shakllantirilganda sud tomonidan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) yoki yuridik shaxsning soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami (STIR) kiritilmayotganligi sababli ijro hujjatlarini elektron tarzda shakllantirish, ular bo‘yicha pul mablag‘larini avtomatlashtirilgan tarzda taqsimlash va undiruvchiga davlat ijrochisining aralashuvisiz o‘tkazish imkoni mavjud emas.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunda fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad miqdori belgilanmagan.
Davlat ijrochilarida ijro harakatlarini amalga oshirishda mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanish huquqining mavjud emasligi noxush holatlarga sabab bo‘lmoqda.
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga belgilangan maʼmuriy jazolar sodir etilgan qilmishga nisbatan mutanosib emas.
Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish maqsadida mazkur Qonun ishlab chiqilgan.
Xususan, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunga:
– undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini va undiruvchi yuridik shaxsning soliq to‘lovchi identifikatsiya raqamini ijro hujjatida ko‘rsatish;
– ijro ishini yuritish doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlar ijro ishini yuritishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslarga ularning O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali, shuningdek yuridik shaxslarga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilishi;
– qarzdor jismoniy shaxslarning banklardagi yoki boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida hamda omonatlarida turgan yoki saqlashga qo‘yilgan pul mablag‘lariga undiruv qaratilishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari miqdorini aniqlashda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yarmi miqdoridagi pul mablag‘lari hisobga olinishi va bu miqdorga undiruv qaratilmasligi;
– davlat ijrochisining ijro harakatlarini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanishini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga sud hujjati asosida beriladigan ijro varaqasi QR-kod bilan tasdiqlangan holda sudyaning elektron raqamli imzosi bilan rasmiylashtirilishi, taraflarning iltimosnomasiga ko‘ra – sudning muhri bilan tasdiqlangan holda qog‘oz shaklda berilishi, ijro varaqasi undiruvchi jismoniy shaxslarga ularning O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali, undiruvchi yuridik shaxslarga esa soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilishi, undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy kabineti mavjud bo‘lmasa, ijro varaqasi unga qog‘oz shaklda berilishi bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunning yana bir ahamiyatli jihati. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 1982-moddasida ayrim turdagi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun nazarda tutilgan jarimalar miqdori oshirilmoqda.
Senatorlar tomonidan ushbu Qonunning qabul qilinishi fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilini kamaytirishga, majburiy ijro etish tizimini yana-da takomillashtirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 22.04.2025
- Ko'rishlar: 223
- Chop etish