Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan mamlakatimizda xodimlarni o‘z xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb etish, shuningdek, majburiy mehnat holatlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish maqsadida muntazam tahlil ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida ham majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli profilaktik va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan milliy monitoring hamda Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan monitoringlar o‘tkazilmoqda.
Mavsum davomida fuqarolar tomonidan tushayotgan murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish hamda mehnat huquqlarini taʼminlash maqsadida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “1176” hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasining “1092” raqamli Ishonch telefonlari uzluksiz faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida “Munosibmehnat.uz” telegram boti orqali murojaat yuborish imkoniyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Monitoring jarayonlarida faqat majburiy mehnat holatlari emas, balki mehnat qonunchiligiga rioya etilishi, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarining taʼminlanishi ham o‘rganilmoqda.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida 300 dan ortiq holatda terimchi va ish beruvchi o‘rtasida mehnat munosabatlari qonuniy asosda rasmiylashtirilishi taʼminlandi, terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratildi.
Shu bilan birga, 11 ta holatda mehnat qonunchiligi buzilgani, 3 ta holatda esa majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, masʼul shaxslarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49 va 51-moddalari asosida qonuniy choralar ko‘rildi.
Milliy komissiya bunday holatlarni qatʼiyan qoralaydi va majburiy mehnat faqat paxta terimida emas, balki barcha sohalarda mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat ekanligini taʼkidlaydi. Shu munosabat bilan barcha ish beruvchilar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari xodimlarning Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlangan mehnat huquqlariga rioya etilishini taʼminlashga chaqiradi.
Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, qulay mehnat sharoitlarida ishlash hamda mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga ega. Mamlakatimizda majburiy mehnat taqiqlangan va milliy qonunchiligimizda bolalar mehnati hamda majburiy mehnat uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 25.09.2025
- Ko'rishlar: 194
- Chop etish